Yangiliklar/Jamiyat

Qishloq xo‘jaligi yerlari yaqinidagi yo‘llarga basketbol halqasi ko‘rinishidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda

Jamiyat 17 sentyabr, 17:48
Qishloq xo‘jaligi yerlari yaqinidagi yo‘llarga basketbol halqasi ko‘rinishidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi maydonlari yaqinidan o‘tuvchi yo‘llar bo‘ylab basketbol halqasiga o‘xshash chiqindi qutilari o‘rnatila boshlandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunday yechim orqali yo‘l chetlari va ekin maydonlariga tashlab ketilayotgan plastik idishlar, qadoqlar hamda boshqa chiqindilar miqdorini kamaytirishni maqsad qilgan.

Haydovchi va yo‘lovchilarga avtomobilda to‘plangan chiqindilarni eng yaqin maxsus nuqtagacha olib borib, konteynerga tashlash tavsiya etiladi. Xohlovchilar buni basketbol to‘pini halqaga otgandek amalga oshirishi mumkin.

Shu bilan birga, vazirlik chiqindilarni harakatlanayotgan avtomobildan turib tashlash mumkin emasligini alohida ta’kidlamoqda. Avtomobil faqat xavfsiz joyda, boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit bermagan holda to‘xtatilishi kerak. Agar chiqindi qutiga tushmay qolsa, uni olib konteynerga qo‘lda tashlash lozim.

Loyihaga fermerlar va hokimliklar ham jalb etilmoqda

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunday konteynerlarni nafaqat davlat tashkilotlari, balki fermer xo‘jaliklari va mahalliy hokimliklar ham o‘rnatishini tavsiya qilmoqda.

Chiqindi qutilarini avtomobillar xavfsiz to‘xtashi mumkin bo‘lgan hududlarga joylashtirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ular muntazam ravishda tozalanib turilishi kerak. Amaldagi sanitariya talablariga ko‘ra, konteynerlar to‘lgani sayin bo‘shatiladi, biroq kuniga kamida bir marta tozalanishi shart.

Bir yarim oyda mingdan ortiq qoidabuzarlik aniqlangan

Mazkur tashabbus yo‘l bo‘ylari va qishloq xo‘jaligi yerlari atrofida chiqindilar to‘planishi muammosini kamaytirishga qaratilgan.

2025-yilda O‘zbekistonda chiqindilarni belgilangan joylardan tashqariga tashlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Bunday qoidabuzarlik uchun jarima miqdori 412 ming so‘mdan 1 mln 236 ming so‘mgacha etadi.

Alohida e’tibor avtomobillardan chiqindi tashlash holatlariga qaratilgan. 2026-yilning iyul va avgust oylarining bir qismida mamlakat bo‘yicha chiqindilarni noqonuniy tashlash bilan bog‘liq 1117 ta holat aniqlangan. Shundan 90 tasida chiqindilar transport vositalaridan tashlangan.

Bunday qoidabuzarliklar ekologik monitoring tizimi orqali ham aniqlanmoqda. Hozirda respublika bo‘ylab atrof-muhitga oid nazoratni amalga oshiruvchi 700 dan ortiq onlayn kamera faoliyat yuritmoqda.

9770

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→