Yangiliklar/Jamiyat

Toshkent va Fargʻona viloyatlarida umra safarini noqonuniy tashkil etishda gumonlanuvchilar ushlandi

Jamiyat 16 sentyabr, 17:40
Toshkent va Fargʻona viloyatlarida umra safarini noqonuniy tashkil etishda gumonlanuvchilar ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Saudiya Arabistoniga ziyoratni noqonuniy tashkil etishning ikki holatiga chek qo‘ydi. Gumonlanuvchilar umra ado etishni istagan fuqarolardan pul olayotgan paytda ushlandi.

Holatlardan biri Toshkent tumanida sodir bo‘lgan. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, turoperator litsenziyasiga ega bo‘lmagan erkak o‘z tanishlari orqali poytaxtlik fuqaroga umra safarini tashkil qilib berishni va’da qilgan hamda xizmat uchun $1100 talab qilgan. U $1000 va 1,2 mln so‘mni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Operatsiyada DXX, ichki ishlar organlari hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari ishtirok etgan.

Yana bir holat Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida aniqlangan. Turistik firmaning menejeri Uchqo‘rg‘on tumanidan bo‘lgan ikki nafar fuqaroga $2200 evaziga ziyoratni tashkil etishni taklif qilgan. Ayol DXX va IIV xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilayotgan paytda ushlangan.

Har ikki gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, bu so‘nggi vaqtlarda bunday turdagi ushlashlarning birinchisi emas. Oxirgi bir oyda mamlakatning turli hududlarida umra safarini noqonuniy tashkil etishda gumon qilingan kamida olti nafar shaxs aniqlanib, ushlangan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda umra safarini tashkil etish uchun litsenziyaga ega 14 ta turistik kompaniya bor. Ulardan yettitasi Toshkentda, uchtasi — Namanganda, yana bittadan kompaniya Andijon, Farg‘ona, Buxoro va Urganchda ro‘yxatdan o‘tgan.

8790

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→