Yangiliklar/Siyosat

Oʻzbekistonda pensiya olish uchun ish stajini 15 yilgacha oshirish taklif qilinmoqda

Siyosat 15 sentyabr, 17:10
Oʻzbekistonda pensiya olish uchun ish stajini 15 yilgacha oshirish taklif qilinmoqda

Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiyalarni hisoblash tartibi, minimal mehnat staji hamda to‘lovlarni tayinlashda ish haqini hisobga olish qoidalariga taalluqli o‘zgartirishlar loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Asosiy takliflardan biri pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davriga taalluqlidir. Hozir pensiya miqdorini belgilashda mehnat faoliyatining so‘nggi besh yili uchun ish haqi hisobga olinadi. 2027 yil 1 yanvardan boshlab bu davrni har yili bir yildan oshirib borish, u 20 yilga yetguniga qadar davom ettirish taklif qilinmoqda.

Shu bilan birga, o‘rtacha ish haqini hisoblashdan fuqaroning eng past daromadli bo‘lgan davrining 10% qismini chiqarib tashlash rejalashtirilmoqda. Bu eng kam ish haqi kuzatilgan ayrim yillarning kelajakdagi pensiya miqdoriga ta’sirini kamaytirishga imkon beradi.

Yana bir o‘zgarish yoshga doir pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan minimal mehnat stajiga taalluqli. Hozir u kamida yetti yilni tashkil etadi. Loyihaга ko‘ra, talab har yili bir yildan oshirib boriladi va 2034 yilga kelib minimal staj 15 yilga yetadi.

Zarur stajni to‘play olmagan fuqarolar uchun belgilangan pensiya yoshiga yetganidan keyin besh yil o‘tgach yoshga doir nafaqa olish huquqini saqlab qolish taklif qilinmoqda. Loyiha, shuningdek, pensiya yoshiga yetganidan keyin ham ishlashda davom etayotgan, rasmiy daromadlari yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun qo‘shimcha rag‘batlarni nazarda tutadi.

2028 yil 1 apreldan boshlab pensiya tayinlashda inobatga olinadigan ish haqining maksimal miqdorini oshirish taklif qilinmoqda:

  • belgilangan muddatda pensiyaga chiqqanda pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 13 baravarigacha;
  • pensiyaga olti oy kechroq chiqqanda 14 baravarigacha;
  • belgilangan muddatdan bir yil kechroq pensiyaga chiqqanda 15 baravarigacha.

Loyiha bo‘yicha izohda qayd etilishicha, o‘zgarishlar uzoq muddatli rasmiy bandlikni rag‘batlantirish hamda to‘langan ijtimoiy badallar bilan kelajakdagi pensiya miqdori o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan.

9450

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→