Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda profilaktika inspektorlarining vakolatlari kengaytiriladi

Siyosat 7 sentyabr, 11:40
O‘zbekistonda profilaktika inspektorlarining vakolatlari kengaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari faoliyatining yangi tartibini tasdiqladi. Hujjat profilaktika inspektorlarining vakolatlarini kengaytirish, ularning faoliyatini aholi baholashi hamda yangi raqamli xizmatlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Profilaktika inspektorlari uchun alohida qonun ishlab chiqiladi. Unda ularning huquqlari, majburiyatlari, vakolatlari va javobgarligi belgilanadi. Shuningdek, faoliyatini baholash tartibi ham aniqlashtiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, inspektorlar birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi uncha og‘ir bo‘lmagan huquqbuzarliklar bo‘yicha ogohlantirish berishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ular hozirda tuman va shahar IIB rahbarlari vakolatiga kiruvchi ayrim ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘ladi. Mahallalar ko‘chalari va ichki yo‘llarida sodir etilgan ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun ham choralar qo‘llashi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, inspektorning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik joriy etiladi. Profilaktika inspektorlari esa o‘z vazifalariga kirmaydigan qo‘shimcha ishlardan ozod qilinadi. Aholi profilaktika inspektorlari faoliyatini baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Agar fuqarolar ularning ishidan norozi bo‘lsa, inspektorga nisbatan intizomiy choralar, hatto ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan ta’sir choralari qo‘llanishi mumkin.

Patrul-post xizmati va qo‘riqlash bo‘linmalarining vakolatlari ham kengaytiriladi. Ular bozorlar, savdo markazlari, maktab va bog‘chalar yaqinidagi tirbandliklarni tartibga solish, yo‘llardagi huquqbuzarliklarga tezkor munosabat bildirish hamda harakatni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. YHXXB xodimlariga esa jamoat joylarida tartibni saqlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi.

2027-yil 1-avgustga qadar profilaktika inspektorlari uchun yagona raqamli tizim ishga tushiriladi. Fuqarolar “Mening inspektorim” ilovasi orqali murojaatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborishi mumkin bo‘ladi. Agar inspektor murojaatga o‘z vaqtida javob bermasa, xabar avtomatik ravishda “112” tizimiga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, 2026-yil oxirigacha yo‘l harakati xavfsizligining yagona elektron xaritasi yaratiladi. Unda avariya xavfi yuqori bo‘lgan hududlar, YTHlar ko‘p sodir bo‘ladigan nuqtalar va boshqa muammoli yo‘l uchastkalari aks ettiriladi.

1,4580

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→