Yangiliklar/Ekologiya

Sinoptiklar 4-sentabr kuni Oʻzbekistonda yomgʻir yogʻishidan ogohlantirdi

Ekologiya 3 sentyabr, 15:26
Sinoptiklar 4-sentabr kuni Oʻzbekistonda yomgʻir yogʻishidan ogohlantirdi

4-sentabr, juma kuni O‘zbekistonda havo asosan iliq bo‘lib qoladi, biroq ayrim hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet ma’lum qildi.

Toshkent shahrida havo o‘zgaruvchan bulutli bo‘ladi, qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechasi 16-18 daraja, kunduzi 28-30 darajani tashkil etadi. Toshkent viloyatida ham yog‘ingarchilik ehtimoli saqlanib qoladi. Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida esa qisqa muddatli yomg‘irlar kechasi va ertalab kuzatilishi mumkin, kunduzi esa yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Eng ko‘p yog‘ingarchilik Farg‘ona vodiysida prognoz qilinmoqda. Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati 23-28 daraja atrofida bo‘ladi. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda ham yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi kutilmoqda. Kunduzi harorat 18-23 darajadan oshmaydi.

Shu bilan birga, mamlakatning cho‘l va janubiy hududlarida quruq ob-havo saqlanib qoladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati 33 darajagacha ko‘tariladi. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida esa yanada issiq bo‘lib, harorat 35 darajagacha yetadi.

Sinoptiklar g‘arbiy, markaziy va janubiy hududlarda shamol tezligi ayrim joylarda soniyasiga 13-18 metrgacha kuchayishi mumkinligidan ogohlantirdi. Ba’zi hududlarda chang-to‘zonlar kuzatilishi va ko‘rinish masofasi yomonlashishi mumkin.

Meteorologlar ma’lumotiga ko‘ra, sentabr boshidagi harorat iqlim me’yorlariga yaqin bo‘lib qolmoqda. Biroq, ayniqsa mamlakatning shimoliy hududlarida tunlar ancha salqinlashib, harorat 9-14 darajagacha pasayishi mumkin.

1,3610

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→