Rus maktablarida qoʻngʻiroq oʻrniga qoʻshiq va kuylar yangraydi

Dunyo 24 avgust, 14:13
Rus maktablarida qoʻngʻiroq oʻrniga qoʻshiq va kuylar yangraydi

Rossiya Maorif vazirligi 1-sentabrdan boshlab mamlakatning barcha maktablarida “Qo‘ng‘iroqlar o‘rniga kuylar” loyihasini joriy etadi. Endilikda o‘quv muassasalarida odatiy maktab qo‘ng‘iroqlari o‘rniga maktab, bilim, ustozlar va do‘stlik mavzulariga bag‘ishlangan musiqiy asarlar yangraydi.

Vazirlik ma’lum qilishicha, sentabr oyi davomida o‘quvchilar sovet va rus mualliflarining mashhur qo‘shiqlarini tinglaydi. Ular orasida “Ikki karra ikki to‘rt”, “Maktabda o‘qitadilar”, shuningdek zamonaviy “Birinchilar qo‘shig‘i” ham bor.

Loyiha ilk bor 2024-yil noyabr oyida Rossiyaning ayrim maktablarida sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan edi. Rossiya Maorif vaziri Sergey Kravtsovning ta’kidlashicha, tashabbus o‘quvchilarni mamlakatning musiqiy merosi bilan tanishtirishga xizmat qiladi hamda madaniyat va san’at orqali barkamol shaxsni tarbiyalashga ko‘maklashadi. Vazirlik fikricha, odatiy qo‘ng‘iroqlarni musiqiy asarlar bilan almashtirish maktab muhitini o‘quvchilar uchun yanada qulay va ijobiy qiladi.

Shu bilan birga, Rossiya ta’lim tizimida boshqa yangiliklar ham joriy etilmoqda. Avvalroq 2026/2027-o‘quv yilining ikkinchi choragidan boshlab maktablarda “Sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi” nomli fakultativ kurs yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan edi. Mazkur dastur o‘quvchilarni sun’iy intellekt texnologiyalarining ishlash tamoyillari hamda raqamli xavfsizlik asoslari bilan tanishtirishga qaratilgan.

4500

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→