Yangiliklar/Iqtisod

Ozarbayjonning ABB banki Davr Bank orqali Oʻzbekiston bozoriga kirdi

Iqtisod 24 avgust, 14:53
Ozarbayjonning ABB banki Davr Bank orqali Oʻzbekiston bozoriga kirdi

23-avgust kuni O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari onlayn formatda O‘zbekistondagi eng yirik ozarbayjon investitsiya loyihalaridan biri bo‘lgan ABB Davr loyihasining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Loyiha ABB banki tomonidan O‘zbekistonning Davr Bank aksiyalarining nazorat paketini sotib olish va moliyaviy muassasaning keyinchalik ABB Davr brendi ostida faoliyat yuritishini nazarda tutadi. Mazkur bitim haqida ilk ma’lumotlar bahor oylarida paydo bo‘lgan edi. May oyida Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) Davr Bank aksiyalarining 51 foizini taxminan 100 million dollar evaziga sotib olishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingan. Iyun oyida esa o‘zbek banki aksiyadorlari nazorat paketini sotish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishni ma’qullagan edi.

Bitim 22-avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan IV O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlararo forumi doirasida rasmiylashtirildi. Kelishuvni ABB boshqaruvi raisi Abbos Ibrohimov va Davr Bank asoschisi Lutfulla Ubayev imzoladi.

ABB Davr brendi ostida bank O‘zbekistonning barcha hududlaridagi korporativ va chakana mijozlarga xizmat ko‘rsatishni rejalashtirmoqda. Asosiy e’tibor raqamli bank xizmatlari, sun’iy intellektga asoslangan yechimlar hamda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga qaratiladi.

ABB boshqaruvi raisi Abbos Ibrohimovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bozoriga kirish bankning 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan xalqaro ekspansiya strategiyasi doirasidagi ilk yirik qadam bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bank respublika biznesi va fuqarolari uchun uzoq muddatli moliyaviy hamkor bo‘lishni maqsad qilgan.

Davr Bank rahbariyati ham ushbu bitimni rivojlanishdagi muhim bosqich sifatida baholamoqda. Bank Kuzatuv kengashi raisi Lutfulla Ubayev ABB bilan hamkorlik zamonaviy moliyaviy texnologiyalarni joriy etish, xizmatlar qatorini kengaytirish va bankning bozordagi pozitsiyalarini mustahkamlash imkonini berishini ta’kidladi.

Davr Bank O‘zbekistonda 2001-yildan buyon faoliyat yuritadi. Davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, bitimga qadar bankning eng yirik aksiyadori Lutfulla Ubayev bo‘lib, unga aksiyalarning qariyb 46,9 foizi tegishli edi.

6040

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→