Yangiliklar/Jamiyat

Amir Temur xiyoboni atrofida “Yashil to‘lqin” tizimi ishga tushirildi

Jamiyat 20 avgust, 11:34
Amir Temur xiyoboni atrofida “Yashil to‘lqin” tizimi ishga tushirildi

Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi Amir Temur xiyoboni va unga tutash chorrahalarda “Yashil to‘lqin” tizimini ishga tushirdi. Buning uchun hududda 5 ta yangi svetofor obyekti o‘rnatilib, ular yagona boshqaruv algoritmi asosida sinxronlashtirildi.

Yangi tizim 5 ta svetofor, 2 ta harakat yo‘nalishi va 1 ta muvofiqlashtirilgan transport koridorini qamrab oladi. Belgilangan tezlikka amal qilgan haydovchilar ushbu yo‘nalishda ortiqcha to‘xtashlarsiz harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Amir Temur va Buxoro ko‘chalari chorrahasidan Alay bozori tomon yo‘l olgan avtomobillar yashil chiroqda harakatni boshlasa, aylana chorrahadan o‘tib, Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab svetoforlarda to‘xtamasdan davom etishi mumkin. Xuddi shunday, Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomondan harakatlanayotgan transport vositalari ham aylana chorrahadan o‘tib, Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasigacha “yashil to‘lqin” rejimida yetib borishi mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, tizim barcha svetoforlarda yashil signalning bir vaqtda yonishini nazarda tutmaydi. Har bir keyingi svetofor uchun avtomobilning yo‘l uchastkasini bosib o‘tish vaqtiga mos ravishda alohida vaqt oralig‘i hisoblab chiqilgan.

“Yashil to‘lqin” tizimi tezlikni oshirish uchun emas, balki transport oqimini xavfsiz va bir maromda harakatlantirish maqsadida joriy etilgan. Haydovchilarga belgilangan tezlikka rioya qilish, keskin tezlanish va tormozlanishlardan qochish tavsiya etiladi.

Kutilishicha, yangi tizim svetoforlar oldidagi ortiqcha to‘xtashlar sonini kamaytiradi, tirbandliklarni qisqartiradi, yoqilg‘i sarfini pasaytiradi hamda atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmini kamaytirishga yordam beradi. Ayni paytda Amir Temur aylana chorrahasi va Maxtumquli ko‘chasi o‘rtasidagi yo‘nalishni ham “Yashil to‘lqin” tizimiga ulash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

4780

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→