Yangiliklar/Jamiyat

Toshkent viloyatida oʻlim bilan yakunlangan YTHdan soʻng “Cobalt” haydovchisi qoʻlga olindi

Jamiyat 19 avgust, 14:01
Toshkent viloyatida oʻlim bilan yakunlangan YTHdan soʻng “Cobalt” haydovchisi qoʻlga olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida sodir bo‘lgan og‘ir yo‘l-transport hodisasi aks etgan video tarqaldi. Unda Cobalt haydovchisi ikki polosali yo‘lda quvib o‘tish vaqtida Spark avtomobilini qarama-qarshi yo‘nalishga siqib chiqargani aks etgan.

Natijada Spark yo‘l chetiga chiqib ketib, ag‘darilgan. Hodisadan so‘ng Cobalt haydovchisi to‘xtamasdan harakatni davom ettirgan. Toshkent viloyati IIBB ma’lumotiga ko‘ra, YTH 15-avgust kuni soat 09:30 atrofida Qorasuv – Bo‘ka – Bekobod avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. O‘sha kunning o‘zida Cobalt haydovchisining shaxsi aniqlanib, 30 yoshli X.A. qo‘lga olingan.

“Millar” dasturida ma’lum qilinishicha, avtohalokat oqibatida Spark avtomobilida bo‘lgan 39 yoshli erkak va uning 5 yoshli farzandi vafot etgan. Yana bir ayol tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, ya’ni transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odamlar halok bo‘lishiga sabab bo‘lish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

2630

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→