Yangiliklar/Ekologiya

Guliston va Shirin chegaralari yangi sarmoyaviy loyihalar uchun kengaytiriladi

Ekologiya 19 avgust, 17:22
Guliston va Shirin chegaralari yangi sarmoyaviy loyihalar uchun kengaytiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sirdaryo viloyatidagi Guliston va Shirin shaharlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror loyihasini ma’qulladi. Hujjat viloyatdagi bir qator tumanlarga ham taalluqlidir.

Loyihaga ko‘ra, Guliston shahri tarkibiga Guliston tumanidan 527,23 gektar va Boyovut tumanidan 582 gektar yer maydoni qo‘shiladi. Shirin shahri hududi esa Boyovut tumani hisobidan yana 638,77 gektarga kengayadi. Natijada shaharlar tarkibiga o‘tkaziladigan yerlarning umumiy maydoni qariyb 1 748 gektarni tashkil etadi.

Qo‘shib olinadigan hududlarda sanoat zonalari, texnoparklar va yuqori texnologiyali korxonalar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu sanoat, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Qushoqov ma’lum qilishicha, Guliston shahri tarkibiga “Qarapchi”, “Yangi avlod”, “Mevazor” va “Ishonch” mahallalari kiritiladi. Shirin shahri tarkibiga esa Boyovut tumanidagi “Shirin” mahallasi qo‘shiladi. Bunda yerlarning toifasi o‘zgarmaydi.

Mazkur masala avval mahalla fuqarolari yig‘inlari, tuman va shahar Kengashlari, shuningdek, viloyat xalq deputatlari Kengashi yig‘ilishlarida muhokama qilingan. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, tashabbusni 112 nafar ishtirok etgan deputatdan 107 nafari qo‘llab-quvvatladi.

8190

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→