Yangiliklar/Siyosat

Xorazmga uzoq masofali toʻxtovsiz parvozlar amalga oshiriladi

Siyosat 17 avgust, 13:03
Xorazmga uzoq masofali toʻxtovsiz parvozlar amalga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni Xorazm viloyatiga safarini Urganch xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdan boshladi.

1960-yilda foydalanishga topshirilgan aeroport 1992-yildan buyon xalqaro maqomda faoliyat yuritadi. Hozirda u o‘nga yaqin aviakompaniyaning muntazam reyslariga xizmat ko‘rsatmoqda. Joriy yil davomida aeroport tomonidan 126 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31 foizga yuqori.

Loyihani amalga oshirish uchun 264 million dollar miqdorida investitsiya jalb qilingan. Modernizatsiya ishlari davlat-xususiy sheriklik asosida olib borilmoqda. Hamkor sifatida Janubiy Koreyaning dunyodagi yetakchi aviatsiya markazlaridan biri hisoblangan Incheon aeroportini boshqaruvchi Incheon International Airport Corporation kompaniyasi tanlangan.

Prezident ta’kidlaganidek, Xiva va Urganch tobora ko‘proq xalqaro sammitlar, yuqori darajadagi uchrashuvlar hamda yirik madaniy va iqtisodiy tadbirlarga mezbonlik qilmoqda. Shu bois xorijiy delegatsiyalar va mehmonlar uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratish muhim ahamiyat kasb etadi.

Rekonstruksiya yakunlangach, aeroport Boeing 747 va Airbus A350 kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa Xorazmga dunyoning turli hududlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzoq masofali aviareyslarni yo‘lga qo‘yish imkonini yaratadi.

Loyihaning birinchi bosqichida 18 ta samolyot turargohi va yangi burilish yo‘lagi quriladi. Shuningdek, zamonaviy chegara va viza nazorati punktlari, biznes-zal, savdo va ovqatlanish maskanlari, kecha-kunduz ishlaydigan tibbiyot punkti hamda Duty Free zonasi tashkil etiladi.

Loyiha to‘liq yakunlangach, aeroportning yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1 300 nafargacha oshadi. Bu esa Urganch aeroportining xalqaro aviatsiya tarmog‘idagi o‘rnini mustahkamlab, Xorazmning turizm va biznes markazi sifatidagi salohiyatini yanada kuchaytiradi.

2740

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→