Yangiliklar/Jamiyat

Yevropadagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari soni 42 foizga oshdi

Jamiyat 14 avgust, 17:40
Yevropadagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari soni 42 foizga oshdi

O‘zbekistonning qariyb 1,4 million fuqarosi dunyoning 40 ga yaqin mamlakatida mehnat faoliyatini olib bormoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2026-yilning birinchi yarmida jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalariga bag‘ishlangan tahliliy sharhida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining eng katta qismi hanuzgacha Rossiyada ishlamoqda. Ushbu mamlakatda 834,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda. Yevropa davlatlarida esa 258 ming kishi faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 84,4 ming nafar fuqaro Qozog‘istonda, 72,1 ming nafari Turkiyada, 46,4 ming nafari Janubiy Koreyada ishlamoqda. Yana 97,7 ming kishi boshqa davlatlarda mehnat qilmoqda.

Chet elda ishlayotgan fuqarolarning 398,9 ming nafari yoki 28,6 foizi ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Yoshlar ulushi esa 402,1 ming kishi yoki 28,9 foizni tashkil etadi. Tahlilda mehnat migratsiyasi geografiyasi o‘zgarayotgani ham qayd etilgan. Xususan, MDH mamlakatlaridagi o‘zbekistonlik ishchilar ulushi 29 foizga kamaygan bo‘lsa, Yevropa yo‘nalishida bu ko‘rsatkich 42 foizga, Sharqiy Osiyo mamlakatlarida esa 26 foizga oshgan.

Mutaxassislar migratsiya qarorlariga ta’sir qilayotgan asosiy omillardan biri sifatida ish haqi darajasidagi farqni ko‘rsatmoqda. Aynan yuqoriroq daromad olish imkoniyati xorijda ishlashga bo‘lgan qiziqishni saqlab qolmoqda. Hisobotda qayd etilishicha, joriy yil boshidan buyon 124,5 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijda yuqori maoshli ish o‘rinlariga joylashtirilgan.

Markaziy bank tahlilida kelajakdagi istiqbolli mehnat bozorlari ham ko‘rsatib o‘tilgan. Prognozlarga ko‘ra, 2030-yilga borib Yevropa mamlakatlarida aholi qarishi va mehnatga layoqatli aholining qisqarishi sababli 7,5-10,5 million kishilik ishchi kuchi yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin.

Shu sababli mashinasozlik, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, infratuzilma qurilishi, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida mutaxassislarga talab oshishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, AQSh, Germaniya, Avstriya va Buyuk Britaniya kabi Yevropa davlatlari, shuningdek Yaponiya va Janubiy Koreyada aholi qarishi fonida tibbiyot, parvarishlash va ijtimoiy xizmatlar sohasidagi xodimlarga ehtiyoj ortishi prognoz qilinmoqda.

7790

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→