Yangiliklar/Siyosat

Oʻzbekistonda “Odil sudlov – 2030” strategiyasi ishlab chiqildi

Siyosat 14 avgust, 16:22
Oʻzbekistonda “Odil sudlov – 2030” strategiyasi ishlab chiqildi

14-avgust kuni sud-huquq islohotlarini muhokama qilish doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga odil sudlov tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va chora-tadbirlar taqdim etildi. Davlat rahbari ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi hamda sud tizimidagi yangi islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan hujjatni imzoladi.

Muloqot davomida sudlar faoliyatini 2030-yilgacha rivojlantirishga qaratilgan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi taqdim etildi. Strategiya aholi fikrlari, olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar takliflari, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan.

Hujjatda 57 ta asosiy vazifa, 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturidagi 160 ta aniq chora-tadbir hamda 2030-yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsad belgilangan. Strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishdagi xolislikni kuchaytirishdan iborat. Shu maqsadda 2027-yil 1-iyuldan boshlab beshta hududlararo sud tashkil etiladi. Ular taftish instansiyasi vakolatlarini o‘z zimmasiga oladi. Natijada bir sudning o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga barham berilishi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga murojaat qilishiga ehtiyoj kamayishi kutilmoqda.

Fuqarolar eng ko‘p murojaat qiladigan yo‘nalishlardan biri bo‘lgan fuqarolik sudlarini aholiga yanada yaqinlashtirish ham rejalashtirilgan. 2030-yilgacha zaruratdan kelib chiqib, deyarli barcha tuman va shaharlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar bosqichma-bosqich faoliyat boshlaydi.

Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va elektron xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etiladi. Shuningdek, sudga yuborilgan ariza boshqa sud vakolatiga kirsa, hujjat fuqaroga qaytarilmaydi, balki sudning o‘zi uni tegishli instansiyaga yuboradi.

Strategiyada iqtisodiy nizolarni tezkor ko‘rib chiqish uchun “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti ham joriy etilishi belgilangan. Bu tadbirkorlarning turli idoralarga qayta-qayta murojaat qilishi va hujjatlar topshirishiga ehtiyojni kamaytirishi kutilmoqda.

7020

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→