Yangiliklar/Iqtisod

Markaziy bank aholining qarz yuki ortib borayotganidan xavotirda

Iqtisod 13 avgust, 16:10
Markaziy bank aholining qarz yuki ortib borayotganidan xavotirda

Markaziy bank aholi qarz yukining ortib borayotganidan xavotir bildirdi. Bu haqda MB raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov Senat majlisida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar muhokamasi chog‘ida ma’lum qildi.

Senator Xusan Ermatovning ta’kidlashicha, fuqarolarning banklar oldidagi qarzdorligi o‘sishda davom etmoqda. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida aholiga berilgan kreditlar hajmi 21,2 foizga, tadbirkorlarning qarzdorligi esa 12 foizga oshgan. Oxirgi olti yil davomida fuqarolar qarzi besh baravardan ko‘proqqa ko‘payib, 231 trln so‘mga yetgan.

Sanjar Nosirovning so‘zlariga ko‘ra, kreditlash hajmining o‘sishi qisman bank xizmatlarining ommalashgani va aholi uchun yanada qulaylashgani bilan bog‘liq. Agar ilgari kredit olish ancha murakkab bo‘lgan bo‘lsa, amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. Shu bilan birga, Markaziy bankni kreditlar hajmining o‘sishidan ko‘ra, qarz yukining ortib borayotgani ko‘proq tashvishga solmoqda. Asosiy masala qarz oluvchilarning banklar oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajara olish-olmasligidir.

Aholining ortiqcha qarzdor bo‘lib qolishining oldini olish maqsadida regulyator bir qator cheklovlarni joriy qilgan. Xususan, kredit bo‘yicha to‘lovlar qarz oluvchining oylik daromadining 50 foizidan oshmasligi kerak.

Yil boshidan boshlab qarz va daromad nisbatiga oid cheklov ham amal qilmoqda. Kredit miqdori qarz oluvchining rasmiy daromadidan sakkiz baravardan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Agar daromad rasmiy tasdiqlanmagan bo‘lsa, kredit summasi uning daromadidan besh baravardan oshmasligi lozim.

Nosirov ta’kidlashicha, reklamadagi moliyaviy xavflar haqidagi ogohlantirishlar o‘z-o‘zidan qarz yukining o‘sishini to‘xtata olmaydi. Biroq ular fuqarolarga mavjud xatarlarni yaxshiroq tushunish, reklama takliflarini tanqidiy baholash va kredit rasmiylashtirishda yanada puxta o‘ylangan qarorlar qabul qilishga yordam berishi mumkin.

Senator Rustam Xolmurodov regulyatorning 2025 yil birinchi yarim yilligi bo‘yicha moliyaviy barqarorlik hisobotiga tayanib, aholi qarz majburiyatlarining 93 foizi bank kreditlari hissasiga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi. Qarz yuki darajasi avvalgi yilga nisbatan 18 foizga oshib, 78 foizga yetgan. 2026 yil 1-fevral holatiga ko‘ra, kreditga ega fuqarolar soni 9,3 million nafarni, ularning umumiy qarzdorligi esa 610 trln so‘mni tashkil etgan.

Shu bilan birga, 376 mingta kredit shartnomasi muammoli kreditlar toifasiga kiritilgan. Ular bo‘yicha umumiy qarzdorlik 19 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

8870

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→