Yangiliklar/Siyosat

Indoneziyaga kirish vizasi narxi ikki baravar oshishi mumkin

Siyosat 13 avgust, 15:30
Indoneziyaga kirish vizasi narxi ikki baravar oshishi mumkin

Indoneziya hukumati xorijiy fuqarolar uchun mamlakatga kelganda rasmiylashtiriladigan VoA (Visa on Arrival) vizasi narxini oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat Immigratsiya bosh boshqarmasi rahbari Xendarsam Marantoko ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi 500 ming Indoneziya rupiyasi (taxminan 28 dollar) miqdoridagi tarif hozirgi iqtisodiy sharoitlarga endi mos kelmaydi.

Marantokoning ta’kidlashicha, viza narxiga milliy valyuta almashuv kursining o‘zgarishi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois vizalar bo‘yicha amaldagi tariflarni qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. To‘lov miqdori vizani rasmiylashtirish usuliga bog‘liq bo‘ladi.

Safardan oldin internet orqali elektron kelish vizasi (e-VoA) rasmiylashtiradigan sayohatchilar 750 ming Indoneziya rupiyasi (taxminan 42 dollar) to‘laydi. Vizani mamlakatga yetib kelgandan so‘ng olishni rejalashtirganlar esa 1 million Indoneziya rupiyasi (qariyb 56 dollar) to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, amaldagi tarif bilan taqqoslaganda, kelish vizasi narxi ikki baravargacha oshishi mumkin.

Yangi tariflar qachondan kuchga kirishi hozircha ma’lum emas. Taklif hali Indoneziya hukumatida zarur kelishuv va tasdiqlash jarayonlaridan o‘tishi kerak.

9240

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→