Yangiliklar/Jamiyat

Xivadagi “Qovun sayli”da Ginnes rekordi o‘rnatildi

Jamiyat 10 avgust, 17:23
Xivadagi “Qovun sayli”da Ginnes rekordi o‘rnatildi

7-9-avgust kunlari Xivaning “Ichan-Qal’a” tarixiy majmuasi va Arda Khiva turizm markazida “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tdi. Yirik gastronomik va madaniy tadbir O‘zbekistonning turli hududlari hamda xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan sayyohlar, shuningdek, mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillarini bir joyga jamladi.

Festival Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Bu yilgi tadbirga 186 ming kishi, jumladan 150 ming mahalliy va 36 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Festivalning eng muhim voqealaridan biri bir vaqtning o‘zida eng ko‘p qovun tatib ko‘rish bo‘yicha jahon rekordi o‘rnatilgani bo‘ldi.

Guinness World Recordsning rasmiy sertifikatiga ko‘ra, rekord 9-avgust kuni Xivada qayd etildi. Degustatsiyada bir vaqtning o‘zida 259 kishi qatnashib, qovunning 10 dan ortiq navini tatib ko‘rdi. Rekordni tasdiqlash jarayoniga Guinness World Records tashkilotining Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha rasmiy vakili va hakami Sheyda Subashi Gemidji boshchilik qildi. Festival davomida mehmonlar uchun taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsertlar, mahorat darslari, ko‘rgazmalar va turli tanlovlar tashkil etildi. Tadbirning yopilish marosimi rossiyalik xonanda MakSimning chiqishi bilan yakunlandi.

Xorazm viloyati tumanlari, yirik fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar o‘nlab qovun navlarini, shuningdek hududning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, zamonaviy texnologiyalar va soha yutuqlarini namoyish etdi. Mehmonlar turli qovun navlarini tatib ko‘rish, ishlab chiqaruvchilar bilan muloqot qilish hamda Xorazmda dehqonchilik an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Festival yakunida tanlov g‘oliblari ham e’lon qilindi. Uchinchi o‘rin Urganch davlat universiteti, “UzAuto”ning Xorazm filiali va Xorazm viloyati Avtomobil yo‘llari boshqarmasiga nasib etdi. Ikkinchi o‘rin Xorazm viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga berildi. Birinchi o‘rin Yangiariq tumani hokimligi qo‘lga kiritdi, bosh sovrin esa Xiva shahri hokimligiga topshirildi.

1,0260

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→