Nijnekamskdagi dronlar hujumi oqibatida O‘zbekistonning yetti fuqarosi halok bo‘ldi

Dunyo 10 avgust, 16:22
Nijnekamskdagi dronlar hujumi oqibatida O‘zbekistonning yetti fuqarosi halok bo‘ldi

10-avgust kuni Rossiyaning Tatariston Respublikasidagi Nijnekamsk shahriga uyushtirilgan dronlar hujumi oqibatida O‘zbekistonning yetti nafar fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulligi ma’lum qildi.

Tatariston huquqni muhofaza qiluvchi organlari ma’lumotlariga ko‘ra, sanoat va fuqarolik obyektlariga berilgan zarba natijasida jami 13 kishi halok bo‘lgan, yana 39 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Keyinchalik mahalliy hokimiyat tibbiy yordam uchun 75 kishi murojaat qilganini, ulardan 21 nafari shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.

Bosh konsullik halok bo‘lganlar orasida O‘zbekistonning yetti nafar fuqarosi borligini tasdiqladi. Diplomatik vakolatxona marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi. Hodisa yuzasidan barcha holatlarni aniqlash maqsadida Bosh konsullik mahalliy vakolatli organlar va tergov tuzilmalari bilan hamkorlik o‘rnatgan. Sud-tibbiy ekspertiza va zarur rasmiy tartib-taomillar yakunlangach, halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlari O‘zbekistonga olib kelinadi.

Hujum 10-avgust kuni ertalab sodir bo‘lgan. Rossiya rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, dronlar Nijnekamskdagi sanoat va fuqarolik obyektlariga zarba bergan. Tataristonda halok bo‘lganlar xotirasiga motam e’lon qilingan, Rossiya Tergov qo‘mitasi esa terrorchilik harakati moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Nijnekamskda Rossiyadagi yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri bo‘lgan TANEKO majmuasi joylashgan. Keyinchalik Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi hujum nishoni aynan TANEKO neftni qayta ishlash zavodi bo‘lganini ma’lum qildi. Xabarlarga ko‘ra, hujumdan so‘ng korxona hududida yong‘in yuz bergan. Hodisa fonida Nijnekamsk aeroportida parvozlarga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan, keyinchalik ular bekor qilingan.

4610

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→