Yangiliklar/Texnologiya

Meta bolalar xavfsizligi uchun 567 million dollar toʻlashni buyurdi

Texnologiya 7 avgust, 17:02
Meta bolalar xavfsizligi uchun 567 million dollar toʻlashni buyurdi

Nyu-Meksiko shtati sudi Meta kompaniyasini bolalarni internetdagi xavflardan himoya qilish bo‘yicha ish doirasida qo‘shimcha 567 mln dollar to‘lashga majbur qildi. Bu ijtimoiy tarmoqlarning voyaga yetmagan foydalanuvchilari xavfsizligi bilan bog‘liq holda kompaniyaga qo‘llangan eng yirik jarima hisoblanadi.

Qarorni sudya Brayan Bidshayd chiqardi. U Meta faoliyatini “jamoat uchun tahdid” deb baholab, mablag‘larni bolalarga yetkazilgan zarar oqibatlarini bartaraf etishga mo‘ljallangan maxsus fondga yo‘naltirishni buyurdi. Avvalroq, 2026-yil mart oyida kompaniya ayni ish bo‘yicha 375 mln dollar jarimaga tortilgandi. Shunday qilib, undirilgan mablag‘larning umumiy hajmi 942 mln dollarga yetdi.

Meta’ga qarshi da’vo 2023-yilda Nyu-Meksiko bosh prokurori Raul Torres tomonidan kiritilgan. Rasmiylar Facebook va Instagram algoritmlari o‘smirlar orasida zararli kontent tarqalishiga xizmat qilganini, shuningdek, bolalarni ekspluatatsiya va ehtimoliy huquqbuzarlar bilan aloqalardan yetarli darajada himoya qilmaganini ta’kidlagan.

Sud qarorida Meta platformalari shtat yoshlaridagi ruhiy salomatlik inqiroziga ta’sir etuvchi omillardan biri ekani qayd etilgan. Sudya kompaniyani sanoat korxonasiga qiyoslab, undagi kontent va reklamani mahsulot, bolalarga yetkaziladigan psixologik zararni esa o‘ziga xos “ifloslanish” deb atadi. Uning fikricha, bunday zarar oqibatlari internetdan tashqariga chiqib, butun jamiyatga ta’sir ko‘rsatadi.

Yangi fonddagi mablag‘larning qariyb 420 mln dollari zarar ko‘rgan bolalar va o‘smirlarni davolash hamda qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Qolgan mablag‘lar profilaktika dasturlari, pedagog va tibbiyot xodimlarini o‘qitish, shuningdek, muammolarni erta aniqlash tizimlarini rivojlantirish uchun sarflanadi.

Moliyaviy sanksiyalardan tashqari, sud Meta’ni 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha xavfsizlik choralarini joriy etishga ham majbur qildi. Ular orasida kattalarning voyaga yetmaganlar bilan muloqotiga cheklovlar qo‘yish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish vaqtini qisqartirish, tungi vaqtda push-bildirishnomalarni taqiqlash, layklar sonini yashirish hamda shubhali akkauntlar ustidan nazoratni kuchaytirish bor.

Meta vakillari sud qaroriga qo‘shilmasliklarini va uni apellyatsiya qilish niyatida ekanliklarini bildirdi. Kompaniya o‘smirlarni himoya qilish va platformalardagi zararli kontentga qarshi kurashga investitsiyalarni davom ettirayotganini ta’kidladi.

6160

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→