Yangiliklar/Ekologiya

Surxondaryoda 100 yillik 11 ta archa daraxti noqonuniy ravishda ildizi bilan sug‘urib tashlandi

Ekologiya 4 avgust, 16:20
Surxondaryoda 100 yillik 11 ta archa daraxti noqonuniy ravishda ildizi bilan sug‘urib tashlandi

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani Sangardak mahallasida Uzun o‘rmon xo‘jaligi hududida daraxtlarni ildizi bilan sug‘urib tashlash va shikastlash holatlari aniqlandi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 3-avgust kuni qayd etilgan. Vaziyatni o‘rganish uchun Ekologik politsiya, Bosh prokuratura, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda viloyat ekologiya boshqarmasi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hududda ishlar tegishli ruxsatnoma hujjatlarisiz olib borilgan. Shuningdek, ekologiya organlari xodimlari tomonidan avvaldan ogohlantirish berilganiga qaramay, qurilish ishlari davom ettirilgan. Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, yoshi taxminan 100 yil bo‘lgan 11 ta Zarafshon archasi ildizi bilan sug‘urib tashlangan.

Hozirda atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda, amalga oshirilgan qurilish ishlari tabiatni muhofaza qilish qonunchiligiga muvofiqligi tekshirilyapti. Shuningdek, qoidabuzarlikka aloqador shaxslarni aniqlash ishlari olib borilmoqda. Mas’ullar ta’kidlashicha, tekshiruv yakunlari bo‘yicha aybdorlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi. Tergov natijalari jamoatchilikka qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinadi.

1,2870

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→