Yangiliklar/Siyosat

Oʻzbekistonda davlat xizmatchilarining maoshi KPI va ish natijalariga bogʻliq boʻladi

Siyosat 4 avgust, 15:08
Oʻzbekistonda davlat xizmatchilarining maoshi KPI va ish natijalariga bogʻliq boʻladi

Shavkat Mirziyoyev 4-avgust kuni davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash tizimini isloh qilish boʻyicha takliflar bilan tanishdi. Oʻzgartirishlarning asosiy maqsadi - ish haqini yanada shaffof, adolatli va ish natijalari bilan bevosita bogʻlashdir.

Ta’kidlanishicha, hozirgi tizimda davlat xizmatchilari maoshining katta qismi turli ustama va mukofotlardan iborat. Natijada bir xil lavozimda ishlaydigan va o‘xshash vazifalarni bajaradigan xodimlarning ish haqi o‘rtasida sezilarli farqlar yuzaga kelmoqda. Shu sababli davlat xizmatchilari uchun yagona va shaffof ish haqi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Yangi tizim 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab oladi.

Taklifga ko‘ra, maosh miqdori xodimning malakasi, o‘z vazifalarini qay darajada bajarayotgani, mehnat intizomi, tashabbuskorligi va samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida belgilanadi. Bundan tashqari, murakkab vazifalarni muvaffaqiyatli bajargan, yangi yondashuvlarni joriy qilgan va yuqori natijalarga erishgan xodimlarga bonuslar beriladi.

Yangi tizimda ko‘plab ustama va mukofotlar o‘rniga uchta asosiy rag‘batlantirish to‘lovi joriy etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, xalqaro tajriba asosida 11 razryad va 6 pog‘onadan iborat yangi ish haqi setkasi ishlab chiqiladi. Bonuslar nafaqat ish natijalariga, balki xodimning malakasini oshirishi, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishi va sun’iy intellektdan foydalanish ko‘nikmalariga ham bog‘liq bo‘ladi.

Prezident yangi tizim ish haqi hisoblashda adolat va shaffoflikni ta’minlashi, shuningdek, davlat xizmatchilarining mas’uliyati va samaradorligini oshirishi kerakligini ta’kidladi.

1,4840

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→