Yangiliklar/Siyosat

Oʻzbekiston va Toskana hamkorlikning yangi “yoʻl xaritasi”ni kelishib oldi

Siyosat 14 iyul, 18:10
Oʻzbekiston va Toskana hamkorlikning yangi “yoʻl xaritasi”ni kelishib oldi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-iyul kuni Toshkentga amaliy tashrif bilan kelgan Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eugenio Giani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda Oʻzbekiston-Italiya strategik sherikligini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Qayd etilishicha, 2026-yil boshidan buyon ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oshgan. Oʻzbekistonda Italiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida metallurgiya, energetika, qishloq xoʻjaligi va kimyo sanoatida loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ikki tomon oʻrtasidagi koʻp asrlik tarixiy aloqalar alohida ta’kidlangan: Buyuk Ipak yoʻli davrida Florensiya va Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari oʻrtasida faol savdo-sotiq olib borilgan, florensiyalik savdogar va diplomatlar Amir Temur saroyida qabul qilingan. Bugungi kunda Toshkentda Piza universitetining filiali faoliyat koʻrsatmoqda va bu yil oʻzining ilk talabalarini tamomlamoqda; Italiyaning Prato shahrida oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari savdo uyi mavjud; 2024-yilda Florensiyadagi Uffizi galereyasida oʻzbek avangard san’ati koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Toskana va Oʻzbekiston hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishildi. Toskana va Buxoro viloyati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma imzolangani yuqori baholandi. Tomonlar toʻqimachilik, charm, oziq-ovqat va zargarlik sanoati, qurilish, ta’lim, madaniyat va turizm kabi sohalarda alohida salohiyatga ega ekanini koʻrmoqda.

9890

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→