Vyetnam elektron kirish tizimini to‘liq joriy etdi

Dunyo 22 iyun, 15:38
Vyetnam elektron kirish tizimini to‘liq joriy etdi

2026-yil 22-iyundan Vyetnam barcha xorijiy fuqarolar, jumladan O‘zbekiston fuqarolari uchun majburiy elektron ro‘yxatdan o‘tishni joriy etdi.

Tizim bosqichma-bosqich joriy qilingan: 15-apreldan — Xoshimin shahriga uchib keluvchilar uchun, 1-iyundan — Fukuok aeroporti yo‘lovchilari uchun. 22-iyundan boshlab esa mamlakatdagi barcha xalqaro aeroportlar orqali kirishda ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ldi.

Safar oldidan prearrival.immigration.gov.vn portalida elektron kelish kartasini (PAI) to‘ldirish kerak. Anketada xorijiy pasport ma’lumotlari, telefon raqami, elektron pochta, mavjud bo‘lsa viza raqami, jo‘nab ketgan mamlakat, safar maqsadi, yashash turi va chiqib ketish sanasi ko‘rsatiladi.

Formani kelishdan 72 soat oldin to‘ldirish mumkin. Ro‘yxatdan o‘tgach, tizim QR-kod beradi — u pasport nazoratida ko‘rsatiladi. Agar karta oldindan rasmiylashtirilmasa, jarayonni aeroportda o‘tishga to‘g‘ri keladi — yuqori mavsumda bu 40–60 daqiqagacha qo‘shimcha kutishni anglatadi.

Talab barcha xorijiy fuqarolarga amal qiladi — viza bilan ham, vizasiz rejimda kiruvchilar uchun ham. Uzbekistan Airways xabariga ko‘ra, yangi qoida 23-iyundan boshlab HY561 reysidan e’tiboran barcha yo‘lovchilarga tatbiq etiladi.

Elektron ro‘yxatdan o‘tishni joriy etish orqali Vyetnam Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari amaliyotiga ergashmoqda — shunga o‘xshash tizimlar allaqachon Indoneziya, Malayziya, Filippin, Xitoy va Tailandda joriy etilgan.

5320

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→