Yangiliklar/Siyosat

Oʻzbekistonda giyohvand moddalar bilan bogʻliq jinoyatlar uchun 20 yilgacha qamoq jazosi joriy etiladi

Siyosat 19 iyun, 11:36
Oʻzbekistonda giyohvand moddalar bilan bogʻliq  jinoyatlar uchun 20 yilgacha qamoq jazosi joriy etiladi

O‘zbekistonda“Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashni kuchaytirishga qaratilgan qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Hujjat bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritildi. Shu jumladan, «aholi salomatligi va genofondga qarshi jinoyatlar»ga oid yangi bob joriy qilindi.

Yangi normalarga ko‘ra, eng xavfli jinoyatlar uchun jazo keskin kuchaytirildi. Endilikda yashirin narcolaboratoriya tashkil etish, yirik miqdorda narkotik savdosi va transmilliy guruhlar faoliyatida ishtirok etish uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Qonunda narkolaboratoriyalar va narkoprityonlarni tashkil etish uchun alohida javobgarlik joriy etildi. Agar jinoyat takroran yoki guruh bo‘lib sodir etilgan bo‘lsa, jazo yanada og‘irlashadi.

Amaldorlarga nisbatan ham qat’iy choralar belgilangan. Narkobiznesga homiylik qilish, xizmat mavqeidan foydalanib jinoyatlarni yashirish yoki tergovga to‘sqinlik qilish 20 yilgacha qamoq bilan jazolanishi mumkin. Alohida e’tibor og‘ir jinoyatlarga qaratilgan: bunday holatlarda shartli ravishda muddatidan oldin ozod qilish yoki jazoni yengillashtirish imkoniyati bekor qilindi. Shuningdek, jamoat joylarida giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Bunday holatlarda 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanadi.

Qonunda yoshlarni himoya qilishga alohida urg‘u berilgan. Narkotiklarni internet orqali tarqatish, shuningdek ta’lim muassasalari, talabalar yotoqxonalari va bolalar oromgohlari hududida savdo qilish uchun 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Voyaga yetmaganlarga narkotik sotish og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi. Bolalarni giyohvandlikka jalb qilish, ayniqsa og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, uzoq muddatli qamoq jazosiga sabab bo‘ladi.

1,7850

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→