Fabio Kannavaro magʻlubiyatdan soʻng: “Men futbolchilarim bilan faxrlanaman”

Sport 18 iyun, 10:16
Fabio Kannavaro magʻlubiyatdan soʻng: “Men futbolchilarim bilan faxrlanaman”

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannaavaro Kolumbiyaga qarshi kechgan o‘yindan (1:3) so‘ng fikr bildirdi. Meksikadagi “Astekа” stadionida bo‘lib o‘tgan ushbu uchrashuv jamoa uchun jahon chempionatlaridagi ilk o‘yin bo‘ldi.

Italiyalik mutaxassisning aytishicha, jamoa ayniqsa ikkinchi bo‘limda o‘yinni o‘zgartira oldi va raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yaratdi.

«Ikkinchi bo‘limda biz chap qanot orqali ko‘proq hujum qildik, o‘yinni nazorat qilishga harakat qildik», — dedi Kannaavaro.

Murabbiy Kolumbiya kabi kuchli raqibga qarshi o‘ynash, ayniqsa to‘psiz harakat qilish juda qiyin bo‘lganini ta’kidladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Kolumbiya to‘p nazorati va hujumlar soni bo‘yicha ustun bo‘lgan.

«Biz bu yerga O‘zbekistonni munosib tarzda namoyish etish uchun keldik. Shunday jamoalarga qarshi o‘ynaganda to‘psiz harakat qilish oson emas», — dedi u.

Uchrashuvning burilish nuqtasi 60-daqiqadan keyin yuz berdi. O‘zbekiston hisobni tenglashtirganidan so‘ng — Abbosbek Fayzullayev jahon chempionatlarida terma jamoaning ilk golini urgach — jamoa ustunlikni ushlab qola olmadi.

Kannaavaro natijaga aynan xatolar sabab bo‘lganini ochiq aytdi.

«Agar siz xato qilsangiz va raqib buning uchun sizni jazolasa, buni eslab qolish kerak. Ikkinchi gol aynan noto‘g‘ri qaror qabul qilgan vaziyatdan keyin keldi», — dedi murabbiy.

Shunga qaramay, u futbolchilarini qo‘llab-quvvatladi.

«Men futbolchilarim bilan faxrlanaman. Ular yaxshi o‘ynadi. Bunday stadionda, muxlislar qarshisida o‘ynash oson emas, ammo bu qo‘shimcha motivatsiya ham beradi», — dedi Kannaavaro.

Murabbiy ushbu o‘yinning tarixiy ahamiyatiga ham alohida urg‘u berdi.

«Bu o‘yin tarixda qoladi, chunki biz jahon chempionatida o‘ynayapmiz. Xatolar bo‘ldi, lekin biz ularni tahlil qilib, ustida ishlaymiz», — dedi u.

Kannaavaro navbatdagi bahs haqida gapirar ekan, jamoa yanada jasorat bilan harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.

«Agar biz maydonda jasorat ko‘rsatmasak, o‘yin qurmasak, bizga qiyin bo‘ladi. Ikkinchi bo‘lim yaxshiroq o‘tdi. Portugaliyaga qarshi o‘yinda yanada jasurroq bo‘lishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Hozirda Kolumbiya 3 ochko bilan guruhda yetakchilik qilmoqda. Portugaliya va DR Kongo 1 ochkodan jamg‘argan, O‘zbekiston esa hali ochko to‘play olmadi.

3180

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→