Yangiliklar/Siyosat

Senat shovqindan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunni ma’qulladi: tungi sukunatni 8 soatgacha oshirish mumkin

Siyosat 13 iyun, 22:04
Senat shovqindan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunni ma’qulladi: tungi sukunatni 8 soatgacha oshirish mumkin

13 iyun kuni Oliy Majlis Senati «Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni ma’qulladi.

Qonun shovqinni tartibga solish bo‘yicha yagona tizimni belgilaydi. Avval bu sohada faqat alohida sanitariya normalari mavjud bo‘lib, ular qat’iy nazoratni ta’minlay olmas edi. Natijada qoidabuzarlarga chora ko‘rish qiyin bo‘lgan va fuqarolardan shikoyatlar ko‘paygan.

Yangi tartibga ko‘ra, tungi tinchlik muddati uzaytiriladi. Endi ish kunlari soat 23:00 dan 7:00 gacha, dam olish va bayram kunlari esa 22:00 dan 9:00 gacha shovqin qilish taqiqlanadi.

Shuningdek, ko‘p qavatli uylarda shovqinli ta’mirlash va qurilish ishlari faqat ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 gacha ruxsat etiladi.

Qonun shovqin manbalarini nazorat qilish mexanizmini ham joriy etadi. Doimiy ravishda me’yordan yuqori shovqin chiqaradigan obyektlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish mumkin bo‘ladi. Transport vositalaridagi ortiqcha shovqin uchun javobgarlik kuchaytiriladi va texnika importiga nisbatan ham talablar belgilanadi.

Mazkur sohada asosiy vakolat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga beriladi. U boshqa vazirliklar hamda mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikda nazoratni amalga oshiradi.

Bundan tashqari, shovqinning zararli ta’siri uchun kompensatsiya to‘lash tartibi ham belgilanadi. Biroq kompensatsiya to‘lash qoidabuzarni muammoni bartaraf etish majburiyatidan ozod etmaydi.

Qonun tabiiy shovqinlarga, favqulodda vaziyatlar, tez tibbiy yordam, huquqni muhofaza qilish ishlari, shuningdek ommaviy tadbirlar va diniy marosimlarga tatbiq etilmaydi.

3,1600

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→