Jurnalistlarga surishtiruv vaqtida qo‘shimcha himoya beriladi

11 iyun, 17:00
Jurnalistlarga surishtiruv vaqtida qo‘shimcha himoya beriladi

O‘zbekistonda korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasi tayyorlandi. Hujjatni Qonunchilik palatasiga kiritish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.

Agentlik direktori Akmal Burxonovning aytishicha, yangi qonun jurnalistlar, blogerlar va korrupsiya holatlari haqida xabar berayotgan fuqarolarni bosimdan himoya qilishga qaratilgan.

Asosiy yangiliklardan biri — “himoya orderi” joriy etilishi. Bu hujjat jurnalistlarga berilib, ularni turli bosim va noqonuniy ta’sirlardan himoya qilishga xizmat qiladi. Shuningdek, fuqarolarga korrupsiya haqida qayerga murojaat qilishni o‘zlari tanlash huquqi beriladi. Ular ish beruvchiga, tegishli bo‘linmalarga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi mumkin.

Qonun loyihasida ish beruvchilarga korrupsiya haqida xabar bergan xodimlarga bosim o‘tkazish taqiqlanishi ham belgilangan. Eslatib o‘tamiz, mazkur hujjat 2024-yilning aprel oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Hozir u barcha zarur kelishuvlardan o‘tgan va yaqin kunlarda parlamentga kiritilishi kutilmoqda.

1750