1-iyuldan O‘zbekistonda kasallik varaqasi to‘lov tartibi o‘zgaradi

10 iyun, 10:03
1-iyuldan O‘zbekistonda kasallik varaqasi to‘lov tartibi o‘zgaradi

2026-yil - iyuldan O‘zbekistonda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalarni to‘lash tartibi yangilanadi. O‘zgarishlar ijtimoiy sug‘urta tizimining joriy etilishi bilan bog‘liq.

Yangi tartibga ko‘ra, kasallik varaqasining dastlabki 5 kuni avvalgidek ish beruvchi tomonidan to‘lanadi. 6-kundan boshlab esa to‘lovlarni Davlat ijtimoiy sug‘urta fondi amalga oshiradi. Nafaqa olish huquqi kamida 6 oylik sug‘urta stajiga ega bo‘lgan fuqarolarga beriladi. To‘lov miqdori stajga bog‘liq: 6 oydan 8 yilgacha — o‘rtacha ish haqining 60 foizi, 8 yildan ortiq stajda — 80 foizi to‘lanadi.

Ayrim toifalar uchun qo‘shimcha imtiyozlar mavjud. I–II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, 4 va undan ortiq farzand tarbiyalayotgan ota-onalar hamda nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalar uchun staj koeffitsienti 20 foizga oshiriladi.

Hisob-kitobda oylik ish haqi eng kam ish haqining 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda inobatga olinadi. Agar bir yil davomida kasallik kunlari 77 kundan oshsa, staj koeffitsienti 10 foizga kamaytiriladi. Bir yil ichida to‘lanadigan maksimal muddat 182 kunni tashkil etadi.

Bolani parvarish qilish holatlari ham alohida tartibda belgilanadi. 14 yoshgacha bo‘lgan bola uchun — qo‘shimcha 20 kungacha, nogironligi bo‘lgan 16 yoshgacha bo‘lgan bola uchun — 40 kungacha to‘lov beriladi.

Shuningdek, to‘lovlarni o‘tkazish muddatlari ham belgilandi: agar nafaqa oyning 1–15 kunlari orasida tayinlansa, 25 sanagacha to‘lanadi, 16–31 kunlari tayinlanganda esa keyingi oy 10 sanagacha beriladi.

6450