Yangiliklar/Iqtisod

Farg‘ona viloyatida keshbek orqali 3,2 mlrd so‘m o‘zlashtirilgani aniqlandi

Iqtisod 9 iyun, 11:37
Farg‘ona viloyatida keshbek orqali 3,2 mlrd so‘m o‘zlashtirilgani aniqlandi

Fargʻona viloyatida huquq-tartibot idoralari tomonidan “Soliq” mobil ilovasi orqali noqonuniy ravishda soliqlarni cashback olishning yirik sxemasi aniqlandi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lumotlariga koʻra, davlatga 3,2 milliard soʻm zarar yetkazilgan.

Tekshiruv davomida viloyatning uch nafar fuqarosi oldindan til biriktirganliklari aniqlangan. Ular Telegram’dagi bir nechta guruhlarni boshqarib, u yerda yettita kompaniya nomidan xarid qilganliklari haqidagi kvitansiyalarni tarqatishgan. Ushbu cheklar orqali foydalanuvchilar keshbek olgan: oddiy fuqarolar uchun 1 foiz, ijtimoiy reyestrdagilar uchun esa 12 foiz.

Aniqlanishicha, unda ishtirok etgan korxonalar amalda faoliyat yuritmagan. Shunga qaramay, ular nomidan 3,3 trillion so‘mlik tovar va xizmatlar sotilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan. Bundan tashqari, onlayn kassa orqali yolg‘on tushumlar kiritilib, cheklar chiqarilgan va fuqarolarga tarqatilgan.

Natijada “Soliq” ilovasi orqali 211 mingdan ortiq fuqaroga jami 28,5 milliard soʻmlik kasshbek hisoblangan. Ushbu mablagʻning 3,2 milliard soʻmi amalda byudjetdan toʻlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Andijon viloyatida ham shunga o‘xshash jinoyat aniqlangandi. U yerda soxta hisob-fakturalar va 100 mingdan ortiq chek orqali 35 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ talon-toroj qilingani oshkor qilingan edi.

3230

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→