Si Szinpin 7 yildan keyin ilk bor KXDRga tashrif buyurdi

Dunyo 8 iyun, 16:19
Si Szinpin 7 yildan keyin ilk bor KXDRga tashrif buyurdi

Xitoy raisi Si Szinpin 8-iyun kuni Pxenyanga ikki kunlik davlat tashrifi bilan keldi. Bu uning KXDRga 2019-yildan beri ilk tashrifi bo‘ldi va 2026-yildagi ilk xorijiy safari hisoblanadi.

Sunan xalqaro aeroportida Si Szinpin va uning turmush o‘rtog‘i Pen Liyuanni KXDR yetakchisi Kim Chen In va uning rafiqasi Li Sol Chju kutib oldi. Shundan so‘ng rasmiy marosim o‘tkazildi va tomonlar oliy darajadagi muzokaralarga yo‘l oldi.

Xinhua ma’lumotiga ko‘ra, yetakchilar ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mintaqaviy hamda xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashishni rejalashtirgan.

Yonhap xabariga ko‘ra, muzokaralar tashrifning birinchi kunidayoq o‘tkazildi. Tomonlar strategik hamkorlikni mustahkamlash, yuqori darajadagi aloqalarni davom ettirish va xavfsizlik hamda tashqi siyosat bo‘yicha muvofiqlashtirishni kengaytirishga kelishib oldi.

Safar Xitoyning faol diplomatik jarayonlari bilan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda. Avvalroq Si Szinpin AQSh va Rossiya yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Mutaxassislar fikricha, Pxenyanga tashrif Pekinning global siyosatda muvozanatni saqlashga intilayotganini ko‘rsatadi.

2026 yilda Xitoy va KXDR o‘rtasidagi do‘stlik shartnomasi imzolanganiga 65 yil to‘lishi ham tashrifning ahamiyatini oshirmoqda.

Shu bilan birga, uchrashuvlar KXDRning keskin bayonotlari fonida o‘tmoqda. Pxenyan so‘nggi kunlarda yadro dasturini kengaytirishni davom ettirishini bildirib, o‘zini “qaytarilmas yadro davlati” deb atamoqda.

Si Szinpin bundan avval Pxenyanga 2019-yil 20–21 iyun kunlari tashrif buyurgan edi.

4490

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→