Yangiliklar/Jamiyat

Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun avtoturargohlar soddalashtiriladi va raqamlashtiriladi

Jamiyat 5 iyun, 14:40
Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun avtoturargohlar soddalashtiriladi va raqamlashtiriladi

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun avtoturargohdan bepul foydalanish tartibini raqamli shaklga o‘tkazish taklif qilindi. Adliya vazirligi tegishli qaror loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirdi.

Loyihaga ko‘ra, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar avtomobillariga “nogiron haydovchi” belgisi qo‘yishi shart bo‘lmaydi. Shuningdek, bepul parkovkadan foydalanishda tibbiy ma’lumotnomalarni ko‘rsatish talabi ham bekor qilinadi. Nogironligi bo‘lgan bolalar ota-onalari va vasiylari uchun ham pensiya guvohnomasini taqdim etish talabi olib tashlanadi.

Endilikda imtiyozli parkovka huquqi ijtimoiy karta orqali tasdiqlanadi. Bitta kartaga ikki tagacha avtomobil bepul biriktirilishi mumkin bo‘ladi.

Imtiyozni rasmiylashtirish quyidagi usullar orqali amalga oshiriladi:

  • ijtimoiy karta rasmiylashtirilayotganda avtomatik tarzda;
  • “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida murojaat orqali;
  • “Baraka” mobil ilovasi orqali;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali.

Ariza topshirishda shaxsiy ma’lumotlar — ism-sharif, tug‘ilgan sana, JShShIR, pasport ma’lumotlari, telefon va elektron pochta, shuningdek avtomobil raqami ko‘rsatiladi. Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ularning ma’lumotlari ham kiritiladi.

Imtiyoz muddati 5 yil etib belgilanadi. Agar bola voyaga yetguniga 5 yildan kam vaqt qolgan bo‘lsa, imtiyoz uning 18 yoshga to‘lish kunigacha amal qiladi. Tizim barcha pullik avtoturargohlarda amal qiladi. Parkovka xodimlari imtiyozni avtomobil raqamlarini aniqlash tizimlari orqali tekshiradi.

Yangi tartib 2026-yil 1-sentyabrdan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, 2027-yil 1-yanvardan esa boshqa hududlarda joriy etilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ijtimoiy kartaga imtiyozlarni bog‘lash xizmati 1-avgustdan ishga tushirilishi mumkin. Hujjat muhokamasi 19-iyungacha davom etadi.

3830

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→