Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekiston va Gonkong vizasiz rejimni tayyorlamoqda

Siyosat 4 iyun, 10:00
O‘zbekiston va Gonkong vizasiz rejimni tayyorlamoqda

O‘zbekiston va Xitoyning Gonkong maxsus ma’muriy hududi vizasiz safarlar bo‘yicha kelishuv tayyorlashni boshladi. Uchrashuv Gonkong ma’muriyati rahbari Jon Li Kachchiu Toshkentga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov olib bordi. U kelishuvlar biznes aloqalari, turizm va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tomonlar investitsiyalar, moliya, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, transport va logistika sohalarida hamkorlikni, shuningdek, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, biznes o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishni muhokama qildi.

Shuningdek, Gonkongning yirik xalqaro moliyaviy markaz sifatidagi imkoniyatlari O‘zbekiston iqtisodiyoti va texnologik loyihalar uchun foydali bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

Gonkong ma’muriyati rahbari 30 kungacha vizasiz rejim joriy etilishi ko‘rib chiqilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar kelishuvlarni tezroq amalga oshirish niyatida. Bu safarlarni yengillashtirishi va turizm, ta’lim hamda biznes aloqalarini rivojlantirishga yordam berishi kutilmoqda.

Hozirda Gonkong aholisi O‘zbekistonda 10 kungacha vizasiz bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston fuqarolari uchun Gonkongga kirish vizali bo‘lib qolmoqda, diplomat va xizmat pasporti egalari bundan mustasno — ular 14 kungacha vizasiz qolishi mumkin.

2025-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim amal qiladi. U ish, o‘qish va media faoliyatiga taalluqli emas.

3450

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→