Yangiliklar/Jamiyat

O‘zbekistonda yoshlar uchun 100 mln so‘mgacha biznes kreditlari yo‘lga qo‘yildi

Jamiyat 3 iyun, 14:11
O‘zbekistonda yoshlar uchun 100 mln so‘mgacha biznes kreditlari yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni ish bilan ta’minlashga qaratilgan yangi dastur tasdiqlandi. Qaror prezidentning tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlikni oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlariga oid hujjatida belgilangan.

Moliyalashtirish “Aloqabank” orqali “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida amalga oshiriladi. Unda 31 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Ajratiladigan mablag‘ miqdori 100 mln so‘mgacha yetadi. Kreditlar 7 yilgacha muddatga beriladi, asosiy qarz uchun 1 yilgacha, foiz to‘lovlari uchun 3 oygacha imtiyozli davr ko‘zda tutilgan.

Mablag‘ olish uchun sug‘urta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi talab etiladi. Dastur bir nechta yo‘nalishni qamrab oladi.

20 mln so‘mgacha mablag‘ xorijiy tillar, raqamli ko‘nikmalar va zamonaviy kasblarni o‘rganish uchun ajratiladi.

50 mln so‘mgacha mablag‘ ijtimoiy tarmoqlarda ishlash, kontent yaratish, frilans, onlayn do‘konlar ochish kabi o‘zini o‘zi band qilish loyihalari uchun beriladi. Shu miqdor uy sharoitida ishlab chiqarish, tikuvchilik, to‘qimachilik va qayta ishlash yo‘nalishlari uchun ham ajratiladi.

Eng yuqori miqdor — 100 mln so‘mgacha — nonvoychilik va qandolatchilik sohasidagi loyihalar uchun nazarda tutilgan.

3500

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→