Yangiliklar/Jamiyat

15 yoshgacha boʻlgan bolalarning qaysi sohalarda ishlashiga ruxsat beriladi?

Jamiyat 1 iyun, 16:42
15 yoshgacha boʻlgan bolalarning qaysi sohalarda ishlashiga ruxsat beriladi?

O‘zbekistonda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar qaysi sohalarda ishlashi mumkinligi bo‘yicha ro‘yxat amal qiladi. U 2023 yil 24-avgustdagi hukumat qarori bilan tasdiqlangan. Hujjat 219 ta kasb va lavozimni o‘z ichiga oladi. Ular sport, madaniyat va OAV yo‘nalishlariga tegishli.

Sport sohasida o‘smirlarga sportchi sifatida qatnashish, murabbiy yoki instruktor bo‘lib ishlash, jumladan suzish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazish, shuningdek hakamlik va tahlil bilan shug‘ullanishga ruxsat etilgan. Musobaqalarni tashkil etishda ham ishtirok etish mumkin.

Ijodiy yo‘nalishda bolalar teatr, kino va sirkda ishlashi, musiqa va raqs jamoalarida qatnashishi mumkin. Ro‘yxatda, shuningdek, dizayner, rassom va fotograf kabi kasblar ham bor.

Media va kino sohasida esa teleboshlovchi, rejissyor yordamchisi, ovoz operatori, montajchi va boshqa mutaxassislar sifatida ishlashga ruxsat berilgan.

Asosiy shart — ish bolaning sog‘lig‘i va ta’limiga zarar yetkazmasligi kerak. Faoliyat faqat darsdan tashqari paytda yoki ta’til vaqtida amalga oshirilishi kerak. 15–16 yoshdagi o‘smirlar uchun ish vaqti haftasiga 24 soatdan oshmasligi kerak, o‘qish bilan birga olib borilganda esa 12 soatdan ko‘p bo‘lmasligi talab qilinadi.

7150