Yangiliklar/Siyosat

Tadbirkorlik uchun bankdan kredit olish soddalashadi

Siyosat 25 may, 22:27
Tadbirkorlik uchun bankdan kredit olish soddalashadi

Shavkat Mirziyoyevga kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.

Hozir tadbirkorlar bir qator muammolarga duch kelmoqda: garovsiz mikrokreditlarni rasmiylashtirish o‘rtacha bir haftagacha vaqt oladi, turli banklarning takliflarini esa bir joyda solishtirish imkoniyati yo‘q. Shu bilan birga, KOBga ajratilgan kreditlar hajmi 218 trln so‘mga yetgan — bu YaIMning qariyb 12 foizi.

Takliflarga ko‘ra, yagona raqamli platforma ishga tushiriladi. Unda tadbirkor bitta ariza yuborib, bir nechta bankdan taklif olishi va ulardan o‘ziga mosini tanlashi mumkin bo‘ladi.

Platforma “Elektron hukumat” tizimi bilan bog‘lanadi. Shu orqali banklar zarur ma’lumotlarni avtomatik oladi, hujjatlar soni kamayadi va arizalar tezroq ko‘rib chiqiladi.

2026-yil 1-dekabrdan boshlab yangi baholash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Unda nafaqat kredit tarixi, balki aylanma mablag‘lar, soliq va boshqa to‘lovlar ham hisobga olinadi. Bu kredit tarixi yo‘q tadbirkorlarga ham mablag‘ olish imkonini beradi.

Shuningdek, banklarda biznes g‘oyalar va moliyalashtirish bo‘yicha tavsiyalar beruvchi xizmat paydo bo‘ladi.

Yana bir o‘zgarish — ishonchli mijozlar uchun garovsiz mikrokredit limiti 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshiriladi. Kredit va lizing bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi esa 5 mlrd so‘mgacha kompensatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, har yili biznesini kengaytirayotgan 100 ta tadbirkorga 300 mln so‘mgacha grant ajratish rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, tizimni tezroq ishga tushirish va ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

1,4720

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→