Senator Qudratilla Rafikov gerb ramziyligini sovet merosi bilan bogʻladi

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi va senator Qudratilla Rafikov Samarqand va Shavkat Mirziyoyevning siyosiy faoliyatiga bag‘ishlangan maqolasida davlat ramzlari hamda mustaqillikdan keyingi tafakkur masalasiga to‘xtaldi.
Uning fikricha, davlat gerbida paxta va bug‘doy tasvirlarining saqlanib qolishi mustaqillikning dastlabki yillarida sobiq tizim bilan mafkuraviy bog‘liqlik hanuz mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Senator qayd etishicha, suverenitet e’lon qilingan bo‘lsa-da, erkinlik hissi ko‘p jihatdan amalda emas, balki ko‘proq bayonot darajasida qolgan.
Rafikov o‘sha davrda keng tarqalgan “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzma” degan qarashni eslatib, bu yondashuv islohotlarda ham ehtiyotkorlik ustun bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikricha, aynan shu omil sabab sobiq mafkura unsurlari davlat ramzlarida ham saqlanib qolgan.
Senator agrar ramzlarning milliy timsoldagi o‘rni masalasini ham ko‘tardi. Uning aytishicha, o‘sha davrdayoq paxta va bug‘doyning iqtisodiyotdagi ulushi pasayib borayotgan edi, ammo ularning ramziy ahamiyati o‘zgarmay qolgan. Kengroq ma’noda Rafikov o‘sha yillarda jamoatchilik nutqida qishloq xo‘jaligi mavzulari ustun bo‘lganini qayd etadi. Uning fikricha, hosil, reja va ko‘rsatkichlarga doimiy urg‘u berilishi erkin fikrlash imkoniyatlarini cheklagan va jamiyat kun tartibini tor doiraga solib qo‘ygan.
U buni sovet davridan qolgan boshqaruv tizimi va tafakkur bilan izohlaydi. Senatorga ko‘ra, bu yondashuv mustaqillikdan keyin ham ma’lum vaqt davomida saqlanib, islohotlarga nisbatan ehtiyotkor munosabatni shakllantirgan.
Shuningdek, u jamiyatda erkinlik bilan bog‘liq mas’uliyatni qabul qilishda ichki ikkilanish ham bo‘lganini ta’kidlaydi. Bu esa eski boshqaruv usullariga tayanish istagida namoyon bo‘lgan. Rafikov bu holatni nemis faylasufi Erich Fromm ilgari surgan “erkinlikdan qochish” g‘oyasi bilan qiyoslaydi. Uningcha, o‘sha davr kayfiyati jamiyat tafakkuri va ramzlarida ham aks etgan.
Shu bilan birga, senatorning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda vaziyat o‘zgarib bormoqda. Ayni paytda agrar mavzular jamiyat hayotidagi yetakchi o‘rinni yo‘qotib, e’tibor inson, uning huquqlari va turmush sifati tomon siljimoqda. U mamlakat rivojini uch bosqichga ajratadi: sovet davri, postsovet davri va hozirgi “Yangi O‘zbekiston” bosqichi. Uning fikricha, bugungi davrda eski qarash va yondashuvlar qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Maqola e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar boshlandi. Ayrim foydalanuvchilar davlat ramzlarini yangilash g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi, boshqalar esa dolzarb masalalar ko‘pligini ta’kidladi.
Tavsiya etamiz

Uzbekistan Airways Rossiyaga reyslarni kamaytirmoqda

O‘zbekistonda saraton kasalliklarini davolash tizimi yangilanadi

Toshkent viloyatida 344 ta yoʻl harakati qoidalarini buzgan Spark topildi

Oʻzbekistonda har bir sayyoh uchun toʻlovlar yoʻlga qoʻyiladi
