Oʻzbekistonda Qurbon Hayitiga muhtojlarni qoʻllab-quvvatlash uchun qariyb 700 milliard soʻm ajratiladi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qurbon Hayiti arafasida aholini ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflar bilan tanishdi. Tashabbuslar fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini himoya qilishni kuchaytirish va bayramlarda an’anaviy tarzda faollashtiriladigan xayriya amaliyotlarini rivojlantirishga qaratilgan.
Taqdimot davomida bir qator idoralar — O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Mahallalar uyushmasi hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamkorligida ishlab chiqilgan choralar taqdim etildi. Dasturda sog‘liqni saqlash yo‘nalishi muhim o‘rin egallaydi. Xususan, og‘ir kasalliklarga chalingan va nogironlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan xastaliklari bor 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan 2,3 ming nafar bemorni tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va operatsiya qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. 8 mingdan ortiq yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar hamda Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlarning farzandlariga 200 AQSh dollaridan ularning omonat hisobvaraqlariga o‘tkaziladi. 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash rejalashtirilgan. Hududlardagi qabristonlarni obodonlashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ham yordam beriladi. Davlat ta’minotidagi oilalar, yolg‘iz yashovchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan, parvarishga muhtoj shaxslar oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanadi. Mazkur chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 690 milliard so‘m ajratiladi.
Bundan tashqari, ehtiyojmandlar uchun ehson dasturxonlari tashkil etish, ziyoratgohlar va diniy ta’lim muassasalarida qurbonlik marosimlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Prezident barcha yordam choralari aniq manzilli va shaffof tarzda amalga oshirilishi zarurligini alohida ta’kidlab, mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi
