Yangiliklar/Siyosat

Toshkent hokimiyati xodimlari uchun yangi qoidalar tasdiqlandi

Siyosat 19 may, 13:51
Toshkent hokimiyati xodimlari uchun yangi qoidalar tasdiqlandi

Toshkent shahri hokimi tomonidan hokimiyat va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlari uchun yangi axloq va xizmat xulqi qoidalari tasdiqlandi. Hujjat e-qaror portalida e’lon qilindi.

Qoidalar xodimlarning ish va ish vaqtidan tashqaridagi xatti-harakatlarini tartibga soladi hamda fuqarolar, OAV va korrupsiyaga qarshi faoliyatga oid talablarni belgilaydi.

Yangi tartibga ko‘ra, xodimlarga quyidagilar taqiqlanadi:

  • qimorga o‘ynash, jumladan onlayn ishtirok etish;
  • tadbirkorlik bilan shug‘ullanish;
  • xizmat transporti va hujjatlarini shaxsiy maqsadda ishlatish;
  • xizmat ma’lumotlarini oshkor qilish;
  • xizmat bilan bog‘liq sovg‘a va xizmatlarni qabul qilish;
  • davlat organlari obro‘siga zarar yetkazuvchi harakatlar qilish.

Hujjat tashqi ko‘rinish va muomala madaniyatini ham belgilaydi. Xodimlar kamtarona kiyinish, milliy qadriyatlarga hurmat bilan qarash va salbiy jamoatchilik reaksiyasiga sabab bo‘ladigan xatti-harakatlardan tiyilishi kerak.

Fuqarolar bilan ishlash bo‘yicha xodimlar:

  • tashrif buyuruvchilarni muloyim qabul qilishi;
  • qo‘pollik va haqoratga yo‘l qo‘ymasligi;
  • asossiz kutishlarga sabab bo‘lmasligi;
  • telefon muloqoti qoidalariga rioya qilishi shart.

OAV bilan ishlash tartibi ham belgilangan: davlat organlari nomidan faqat vakolatli shaxslar chiqish qiladi. Maxfiy yoki zarar yetkazuvchi ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.

Korrupsiyaga qarshi talablar doirasida xodimlar bunday holatlar haqida darhol xabar berishi shart. Bu talab hamkasblarga ham taalluqli.

Manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganda, xodim bir ish kuni ichida rahbariyat yoki ichki nazorat bo‘limini xabardor qilishi kerak.

Qoidalarga rioya etilishi hokimiyat huzuridagi Etika komissiyasi tomonidan nazorat qilinadi.

1,1600

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→