Yangiliklar/Iqtisod

O‘zbekistonda nol QQS qo‘llaniladigan mahsulotlar roʻyxatiga chorva mollari, baliq va asalari kiritildi

Iqtisod 18 may, 13:29
O‘zbekistonda nol QQS qo‘llaniladigan mahsulotlar roʻyxatiga chorva mollari, baliq va asalari kiritildi

O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) nol stavkada qo‘llaniladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati kengaytirildi. Tegishli hujjat Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlandi.

Yangilangan ro‘yxat 518 turdagi mahsulotni o‘z ichiga oladi. Unda meva-sabzavotlar, poliz mahsulotlari, dukkaklilar, go‘sht, sut va baliq mahsulotlari, shuningdek, ko‘chatlar mavjud.

Aprel oyining oxirida ro‘yxat yana 14 ta yangi pozitsiya bilan to‘ldirildi. Jumladan, tirik baliq, yirik va mayda shoxli chorva (sigir, buqa, qo‘y, echki), shuningdek ot, cho‘chqa, tuya, eshak, asalari oilalari, ipak qurti, ferula va uning smolasi kiritildi.

Mazkur ro‘yxat dastlab 2025 yil oxirida tasdiqlangan edi. Nol QQS meva va rezavorlar, sabzavotlar (jumladan quritilgan), kartoshka, dukkaklilar, don mahsulotlari (bug‘doydan tashqari), poliz mahsulotlari, ziravorlar, go‘sht, tuxum, baliq va dengiz mahsulotlari, sut mahsulotlari hamda ko‘chatlarga tatbiq etiladi.

Hujjatga ko‘ra, ro‘yxatga keyinchalik ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish mumkin. Bunda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyat hokimliklari va ishlab chiqaruvchilar taklif berish huquqiga ega.

Fermer va dehqonlar uchun QQSni bekor qilish tashabbusi 2025-yil sentyabr oyida e’lon qilingan edi. U asosan oziq-ovqat mahsulotlariga taalluqli bo‘lib, paxta va don bundan mustasno.

Shu bilan birga, ishlab chiqarish xarajatlari — urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘i, energiya va transport uchun avval to‘langan QQSni qaytarish tartibi saqlanib qoladi. Natijada fermerlarda yiliga qo‘shimcha 300 mlrd so‘m mablag‘ qolishi, yana 400 mlrd so‘m qaytarilishi mumkin.

Mutasaddilar fikricha, ushbu chora 48 mingga yaqin fermer uchun soliq yukini kamaytiradi va ularning rentabelligini oshiradi. Shu bilan birga, ayrim mutaxassislar bu o‘zgarishlar iste’mol narxlariga ta’siri cheklangan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

1,4830

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→