Yangiliklar/Siyosat

Buxoroda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti o‘tkazildi

Siyosat 14 may, 13:45
Buxoroda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti o‘tkazildi

Buxoroda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqotining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Turkmaniston parlamentlari raislari, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston parlamentlari rahbarlarining oʻrinbosarlari, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, platforma Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2020-yilda mintaqadagi ayollarni qoʻllab-quvvatlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish maqsadida yaratilgan. Qisqa vaqt ichida u gender tengligi va barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari suruvchi muhim norasmiy mintaqaviy koalitsiyaga aylandi.

Yigʻilishni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narboyeva ochdi. U oʻz nutqida xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va salohiyatini yuzaga chiqarish hududni barqaror rivojlantirishning asosiy omili ekanini alohida ta’kidladi.

Tadbirda xotin-qizlarning ilm-fan va innovatsiyalardagi faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar zamonaviy muammolar, jumladan, sun’iy intellektning ta’siri, atrof-muhit muammolari, raqamli transformatsiya va ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zaruriyatini muhokama qildilar. Ta’kidlanganidek, global iqlim oʻzgarishi, suv resurslari taqchilligi va texnologik siljishlar sharoitida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion yechimlarning ahamiyati sezilarli darajada oshmoqda.

“Ilm-fanda ayollar yetakchiligi: zamonaviy muammolar, innovatsion yechimlar va ilmiy hamkorlik” mavzusidagi ayol olimlar forumi dasturning alohida bandi boʻldi. Muhokamalar chogʻida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon ayol olimlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik uchun barqaror platforma yaratish, tajriba almashish va qoʻshma tadqiqotlarni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Forum yakunlari boʻyicha mintaqada ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va qoʻshma tadqiqotlarni rivojlantirishga qaratilgan SheScience Central Asia olim ayollarning mintaqaviy tarmogʻini yaratishni nazarda tutuvchi qoʻshma kommyunike qabul qilindi.

5140

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→