Yangiliklar/Jamiyat

Ombudsman Ohangaronlik 18 yoshli yigit ishi ustidan nazorat o‘rnatdi

Jamiyat 8 may, 11:55
Ombudsman Ohangaronlik 18 yoshli yigit ishi ustidan nazorat o‘rnatdi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ohangaron shahrida yashovchi 18 yoshli yigit atrofidagi vaziyatni nazoratiga oldi. Bunga uning onasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videomurojaat sabab bo‘ldi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li qo‘lga olingandan keyin maxsus qabulxonaga emas, balki prokuratura organlariga olib ketilgan. U ushbu davrda yigitga ovqat berilmaganini hamda advokat bilan uchrashish imkoniyati taqdim etilmaganini ta’kidlagan.

Ombudsman matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, murojaat e’lon qilingan kunidayoq Bosh prokuraturaga nazorat xati yuborilgan. 6-may kuni hududiy vakil ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonada yigit bilan uchrashgan.

Uchrashuv davomida yigit aynan shu muassasada saqlanayotgani aniqlangan. Unga belgilangan tartibda ovqat berilayotgani, shuningdek, saqlash sharoitlari va xodimlar harakatlari yuzasidan shikoyati yo‘qligini bildirgan.

7-may kuni ma’muriy qamoq muddati tugab, yigit ozodlikka chiqarilgan. Biroq shu kuni u ijtimoiy tarmoqlarda axborot tarqatish holati bo‘yicha tekshiruv doirasida Toshkent viloyati prokuraturasining tergov bo‘limiga olib ketilgan.

Ombudsman vaziyat rivojini kuzatishda davom etmoqda. Avvalroq, yigitning onasi unga nisbatan qiynoqlar qo‘llangani va ozod etilishi kerak bo‘lgan kuni yangi ayblovlar qo‘yilganini bildirgan edi.

3620

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→