Efiopiyalik ayol EKOsiz beshta egizakni dunyoga keltirdi

Dunyo 8 may, 16:58
Efiopiyalik ayol EKOsiz beshta egizakni dunyoga keltirdi

Efiopiyada 12 yil davomida farzand kutgan ayol bir yo‘la besh egizakni dunyoga keltirdi. 35 yoshli Badriya Adem «Hivot Fana» shifoxonasida ona bo‘ldi. U to‘rt nafar o‘g‘il va bir nafar qiz farzandli bo‘ldi. Tug‘ruq 5-may kuni kechqurun kesarcha kesish orqali amalga oshirildi.

Homiladorlik davrida ayol shifokorlar nazoratida bo‘lgan. Dastlab unga to‘rt farzand kutilayotgani aytilgan, biroq tug‘ruq vaqtida beshinchi chaqaloq ham borligi aniqlangan.

«Quvonchimni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi», — dedi u.

Hozirda ona va chaqaloqlar shifokorlar nazoratida. Ularning vazni 1,3–1,4 kg atrofida bo‘lib, mutaxassislar yashab кетish imkoniyatini yuqori baholamoqda.

Ta’kidlanishicha, homiladorlik sun’iy urug‘lantirishsiz, tabiiy yo‘l bilan yuz bergan. Bunday holat ehtimoli taxminan 55 millionda bittani tashkil etadi.

Badriya uzoq yillar farzand ko‘ra olmagani sabab ruhiy qiyinchiliklarni boshdan kechirganini aytdi.

«Men bitta farzandni so‘rab duo qilardim, Alloh esa menga beshtasini berdi», — dedi u.

Ayol dehqonchilik bilan shug‘ullanishini va katta oilani qanday boqishini hozircha bilmasligini aytdi. Shu bilan birga, u davlat va jamiyat yordamiga umid qilmoqda.

Chaqaloqlarga Naif, Ammar, Munzir, Nazira va Ansar deb ism qo‘yilgan.

6010

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→