Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi

Siyosat 7 may, 11:23
O‘zbekistonda fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi tasdiqlandi

5-may kuni hukumat qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan chiqarish tartibi to‘g‘risida nizom” tasdiqlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, fuqaroni yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida mulkdor va fuqaroning o‘zi ishtirok etadi. Ularning roziligi Face-ID yoki Mobile-ID tizimlari orqali tasdiqlanadi.

Nizomga muvofiq, bir nechta uy yoki kvartiraga ega bo‘lgan mulkdor doimiy yashash uchun faqat bittasida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Voyaga yetmagan fuqarolar ota-onasi, ularning biri yoki vasiy (homiy) yashash manzili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bunda bolani ro‘yxatdan o‘tkazishda uy egasining roziligi talab qilinmaydi.

Shuningdek, fuqaro yangi yashash joyiga kelgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Uy egasi esa bu haqda vakolatli organni xabardor qilishi lozim.

Qayd etilishicha, ro‘yxatdan o‘tish fuqaro uchun mazkur uy-joyga nisbatan mulk huquqini bermaydi.

Fuqarolar ro‘yxatdan o‘tish uchun vakolatli organlar, davlat xizmatlari markazlari va «Aqlli migratsiya» punktlariga murojaat qilishlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda E-xabar berish tizimi orqali onlayn tarzda ariza topshirishlari mumkin.

5680

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→