Yangi Toshkent aeroporti qurilishi yozda boshlanishi rejalashtirilgan

“Yangi Toshkent” xalqaro aeroporti qurilishini iyul oyida boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda 5-may kuni Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki yig‘ilishi doirasida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) bo‘yicha bitim yakuniy bosqichda bo‘lib, uni may oyining o‘rtalariga qadar imzolash rejalashtirilgan.
“Yangi Toshkent” aeroporti qurilishini iyul oyida boshlaymiz. DXSh bo‘yicha kelishuv may o‘rtalariga qadar imzolanadi — hujjat deyarli tayyor. Imzo qo‘yilgach, hukumat tomonidan qisqa ko‘rib chiqish amalga oshiriladi va qurilish ishlari boshlanadi. Prezident iyul oyidan boshlab ishlarni boshlash bo‘yicha aniq topshiriq bergan», — dedi vazir o‘rinbosari.
Jasurbek Choriyev loyiha ishtirokchilari allaqachon aniqlanganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari yirik xalqaro konsorsium tomonidan amalga oshiriladi. Hozirda tomonlar xususiy va davlat sheriklarining shartlari belgilab beriladigan asosiy hujjatni kelishib olmoqda.
Shuningdek, u davlat yangi aeroportning yuklamasini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, yo‘lovchi oqimi bo‘yicha prognozlar yuqori bo‘lib qolmoqda — yillik o‘sish taxminan 30 foizni tashkil etadi.
«Toshkentdagi amaldagi aeroport 2029-yilga kelib o‘z salohiyatini yo‘qotadi. Shu sababli yangi aeroport kamida ikki barobar yuqori imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak», — dedi Choriyev.
Poytaxtdagi amaldagi aeroport kelajagi haqidagi savolga javoban, vazir o‘rinbosari yangi aeroport foydalanishga topshirilgach, eskisini yopish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bo‘shaydigan hududdan kelgusida qanday maqsadda foydalanish masalasi hozircha ochiq qolmoqda.
Xalqaro “Yangi Toshkent” aeroporti Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq va Quyichirchiq tumanlari hududida barpo etiladi. Loyiha DXSh asosida amalga oshiriladi va bosqichma-bosqich qurilishni nazarda tutadi. Birinchi bosqichda aeroport terminali majmuasi hamda aerodrom infratuzilmasi qurilishi rejalashtirilgan.
Qurilish yakunlangach, aeroport yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi, soatiga 30 tagacha uchish va qo‘nishni amalga oshirishi, shuningdek, yirik hajmdagi yuklarni qayta ishlashi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, obyektga pullik avtomobil yo‘llari olib kelinishi hamda tezkor temiryo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Telegramga obuna böling
Sönggi yangiliklar bilan tanişing
Tavsiya etamiz

Britaniyalik sayyöh 28 yillik piyoda sayohatdan söng uyiga qaytdi

Özbekiston Dakar Olimpiadasida kumuş va bronza medallarni qölga kiritdi

Özbekistan banklari kapitali 152,9 trillion sömdan oşdi

Apple servislaridan rekord darajadagi 31,6 milliard dollar daromad oldi
