Yangiliklar/Jamiyat

Toshkentlik erkak turmush o‘rtog‘ini 10 ming dollar evaziga o‘ldirtirmoqchi bo‘ldi

Jamiyat 4 may, 22:46
Toshkentlik erkak turmush o‘rtog‘ini 10 ming dollar evaziga o‘ldirtirmoqchi bo‘ldi

Toshkent shahrida buyurtma asosidagi qotillikning oldi olindi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

Tergov materiallariga ko‘ra, 39 yoshli poytaxtlik erkak shaxsiy hayotidagi kelishmovchiliklar sabab o‘z turmush o‘rtog‘ini o‘ldirishni rejalashtirgan. Aniqlanishicha, gumonlanuvchi bir vaqtning o‘zida ikki oila bilan yashab kelgan. Mojaro ayollardan biri — 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro — ikkinchi oilaning mavjudligidan xabar topganidan so‘ng kuchaygan.

Gumonlanuvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra, ayol doimiy janjallar chiqargan va umumiy farzandlar sog‘lig‘i hamda ruhiy holatini ro‘kach qilib, unga bosim o‘tkazgan. Vaziyatdan boshqa yo‘l topa olmagan erkak jinoyat sodir etishga qaror qilgan va qotillikni ijro etuvchi shaxs izlay boshlagan.

U ayolning hayoti evaziga 10 ming AQSh dollari taklif qilib, qotillik usuli sifatida bo‘g‘ish yo‘lini tanlagan. Kelishuv doirasida gumonlanuvchi 2 ming dollar miqdorida avans ham bergan.

Biroq rejalashtirilayotgan jinoyat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida tezkor ma’lumot kelib tushgan. O‘tkazilgan operativ tadbirlar davomida “ijrochi” jinoyat sodir etilishidan oldin qo‘lga olinib, tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan.

20-aprel kuni maxsus operatsiyaning yakuniy bosqichi amalga oshirildi. Buyurtmachiga ayol go‘yoki o‘ldirilgani aks etgan sahnalashtirilgan suratlar namoyish etildi. Buyurtma bajarilganiga ishongan erkak mukofotning qolgan qismini topshirgan zahoti huquq-tartibot xodimlari tomonidan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining “Qasddan odam o‘ldirish” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda. IIBB ta’kidlashicha, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, jinoyatga suiqasd qilish ham jinoyat to‘liq sodir etilgani kabi qat’iy jazolanadi.

5080

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→