Yangiliklar/Siyosat

SSV «Elektron retsept» tizimi bekor qilinayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Siyosat 1 may, 16:06
SSV «Elektron retsept» tizimi bekor qilinayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi

O‘zbekistonda «Elektron retsept» tizimi bekor qilinmaydi va amaldagi tartibda faoliyatini davom ettiradi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga izoh berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, noto‘g‘ri talqinlarga Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan buyruq loyihasi sabab bo‘lgan. Ushbu loyiha «Elektron retsept» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibiga oid avvalgi hujjatni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutadi.

SSV ta’kidlashicha, mazkur hujjat tizimni bekor qilishni anglatmaydi, balki normativ asoslarni yangilash va tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan.

«Mazkur loyiha ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Elektron retseptlar amaliyoti saqlab qolinadi va tibbiyot muassasalarida qo‘llanilishi davom etadi», — deyiladi vazirlik xabarida.

«Elektron retsept» tizimi sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, dori vositalarini belgilash va berish jarayonida shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.

3260

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→