Yangiliklar/Texnologiya

Toshkent aeroportida qushlarni avtomatik haydashning intellektual tizimi joriy etildi

Texnologiya 29 aprel, 19:26
Toshkent aeroportida qushlarni avtomatik haydashning intellektual tizimi joriy etildi

Toshkent xalqaro aeroportida aerodrom hududida qushlar bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga mo‘ljallangan AVES Airport intellektual tizimi foydalanishga topshirildi. Germaniyada ishlab chiqilgan ushbu texnologiya aviatsion xavfsizlik sohasidagi ilg‘or yechimlar qatoriga kiradi.

Tizim sun’iy intellekt va kompyuter ko‘rish texnologiyalariga asoslanib, uchish va qo‘nish hududlarini 24/7 rejimda kuzatadi. Kunduzgi sharoitda qushlar 1 ming metrgacha, tungi va murakkab ob-havo sharoitida esa 400 metrgacha bo‘lgan masofada aniqlanadi. Barcha jarayonlar avtomatik boshqaruv asosida amalga oshiriladi.

AVES Airport yuqori darajadagi avtonomlikka ega. Havo kemalari harakati paydo bo‘lishi bilan tizim avtomatik ishga tushadi va harakat bo‘lmaganda faoliyatini to‘xtatadi. Bu inson omili ta’sirini kamaytirish va tezkor choralar ko‘rish imkonini beradi.

Qushlarni haydash uchun yo‘naltirilgan ovozli va ultratovush signallari qo‘llaniladi. Ularning parametrlari doimiy ravishda o‘zgarib turadi, bu qushlarning moslashib ketishini oldini oladi hamda aerodrom ekotizimiga minimal ta’sir ko‘rsatadi.

Tizim modullari sinxron ishlashi orqali qushlarni aerodrom tashqarisidagi xavfsiz zonalarga yo‘naltirish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, majmua tahliliy ma’lumotlarni yig‘ib, mutaxassislarga xavflarni uzoq muddatda boshqarish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda yordam beradi.

Texnik imkoniyatlariga ko‘ra, AVES Airport bir vaqtning o‘zida 256 tagacha qushni aniqlash va haydashga qodir. Mutaxassislar bunday texnologiyalar joriy etilishi aviatsiya infratuzilmasining ishonchliligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqda.

3350

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→