Yangiliklar/Siyosat

Oʻzbekistondagi banklar va toʻlov tizimlaridan kiberhujumlardan koʻrilgan zararni qoplash talab qilinishi mumkin

Siyosat 29 aprel, 22:23
Oʻzbekistondagi banklar va toʻlov tizimlaridan kiberhujumlardan koʻrilgan zararni qoplash talab qilinishi mumkin

O‘zbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashda yangi yondashuv shakllanmoqda: moliyaviy tashkilotlar o‘z tizimlaridagi xavfsizlik kamchiliklari sababli o‘g‘irlangan mablag‘larni mijozlarga qaytarishga majbur bo‘ladi. Bu normalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan ikki muhim qonun loyihasida nazarda tutilgan.

Qonun hujjatlari raqamli jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish bilangina cheklanmay, banklar, to‘lov tizimlari va provayderlarning kiberxavfsizlikdagi rolini tubdan qayta belgilaydi. Asosiy institutsional yangilik — Ichki ishlar vazirligining raqamli muhitdagi jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha vakolatli organ sifatida mustahkamlanishidir.

Loyihaga ko‘ra, davlat idoralari, banklar va internet-provayderlar shubhali operatsiyalarni doimiy monitoring qilish, ma’lumot almashish va firibgarlik alomatlari aniqlanganda tranzaksiyalarni tezkor to‘xtatish choralarini ko‘rishi shart bo‘ladi. Bu mexanizm pul o‘g‘irlanishining oldini olishga qaratilgan.

Fuqarolarni himoya qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekistonda kiberjinoyatlar qurbonlarini reabilitatsiya qilish instituti joriy etilmoqda. Jabrlangan shaxslar bepul yuridik yordam, shuningdek zarurat tug‘ilganda psixologik va tibbiy ko‘mak olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Eng muhimi, agar zarar bank axborot tizimlaridagi zaiflik sabab yuzaga kelgan bo‘lsa, moliyaviy tashkilotlar uni o‘z mablag‘lari hisobidan qoplaydi.

Ikkinchi qonun loyihasi firibgarlikda keng qo‘llaniladigan “drop”lar infratuzilmasiga barham berishga qaratilgan. Bank kartalari, elektron hamyonlar, akkauntlar, parollar, kriptokoshelklar va SIM-kartalarni uchinchi shaxslarga noqonuniy berish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, moliyaviy piramidalarni tashkil etish va muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida kiberxavfsizlik talablarini buzganlik uchun jazolar kuchaytiriladi. Qonunchilar ushbu choralar kiberfiribgarlarni texnologik va tashkiliy tayanchdan mahrum qilishi kerakligini ta’kidlamoqda.

3610

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→