Yangiliklar/Jamiyat

Oxangaronlik 14 yoshli qizning bayonoti voqeasi huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirilmoqda

Jamiyat 29 aprel, 22:16
Oxangaronlik 14 yoshli qizning bayonoti voqeasi huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirilmoqda

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida voyaga yetmagan 14 yoshli qizning patrul-post xizmati xodimi tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilgani haqidagi murojaati Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda idoraning rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlar va ayrim internet nashrlarida voyaga yetmagan qiz huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi uni bezovta qilgani haqida da’vo qilgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi. Keyinchalik Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati mazkur ma’lumotni rad etdi va holat bo‘yicha qo‘shimcha huquqiy baho berilishi zarurligini bildirdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Ohangaron shahar prokuraturasi esa tergovga qadar tekshiruv harakatlarini amalga oshirmoqda.

Bolalar ombudsmani apparatida ta’kidlanishicha, ushbu jarayonda voyaga yetmagan shaxsning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Ish yakuniga yetgach, jamoatchilikka qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

Voyaga yetmagan qiz o‘z bayonotida kechki payt Spark rusumli avtomashinaga majburan o‘tqazilganini va nomaqbul holat yuz berganini ta’kidlagan. Mazkur ko‘rsatmalar hozirda protsessual tartibda tekshirilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi xabar berishicha, tergov Ichki xavfsizlik bo‘limi va prokuratura organlari bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Ommaviy axborot vositalarida tilga olingan xodim tekshiruv yakuniga qadar xizmat vazifasidan vaqtincha chetlashtirilgan. Agar da’volar tasdiqlansa, unga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi.

Shu bilan birga, ichki ishlar organlari hodisaga oid o‘z pozitsiyasini ham bayon qilib, barcha xulosalar faqat tekshiruvlar yakuniga ko‘ra chiqarilishini ma’lum qildi. Mutaxassislar bunday vaziyatlarda har ikkala tomon manfaatlarini hisobga olgan holda, ochiq va xolis yondashuv muhimligini qayd etmoqda.

2840

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→