Yangiliklar/Siyosat

O‘zbekistonda yosh tadbirkorlar uchun “Ko‘mak” loyihasi doirasidagi qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi

Siyosat 24 aprel, 20:05
O‘zbekistonda yosh tadbirkorlar uchun “Ko‘mak” loyihasi doirasidagi qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi

O‘zbekistonda “Ko‘mak” loyihasi doirasida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari kengaytirilmoqda. Bu haqda “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi taqdimoti davomida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, avval “Ko‘mak” loyihasi orqali 130 million so‘mgacha mablag‘ olib, o‘quv markazlarini tashkil etgan hamda ijobiy natijalarga erishgan yoshlar uchun qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak ajratiladi. Ular yangi infratuzilmalarni yaratish va faoliyatini kengaytirish maqsadida 300 million so‘mgacha, ya’ni 730 bazaviy hisoblash miqdori (BHM) miqdorida foizsiz ssuda olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Mazkur qo‘llab-quvvatlash mexanizmi amaldagi ta’lim muassasalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va qo‘shimcha o‘quv maskanlarini ishga tushirishga qaratilgan. Shu orqali davlat muvaffaqiyatga erishgan yoshlar tashabbuslarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

“Ko‘mak” loyihasi yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim dasturlardan biri hisoblanadi. Loyiha, ayniqsa hududlarda yoshlarning o‘z tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratmoqda.

Kutilishicha, qo‘shimcha moliyaviy yordam yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, sifatli ta’lim xizmatlari ko‘lamining kengayishiga va yoshlarning mamlakat rivojiga qo‘shayotgan hissasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

7610

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→