Yangiliklar/Siyosat

Oʻzbekistonda yoshlar va yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar kompleksi qabul qilindi

Siyosat 21 aprel, 14:10
Oʻzbekistonda yoshlar va yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar kompleksi qabul qilindi

O‘zbekistonda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi Farmon va Qaror qabul qilindi. Ushbu hujjatlar yoshlarning bilim olishi, ish bilan ta’minlanishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlarni nazarda tutadi.

Yosh tadbirkorlikni rivojlantirish asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi. Xususan, 20 ming nafar yosh tadbirkor Garvard, Stenford va London biznes maktabi kabi xorijiy nufuzli ta’lim muassasalari dasturlari asosida o‘qitiladi. Shuningdek, 1 ming nafar tadbirkorga 500 million so‘mgacha imtiyozli ssuda ajratiladi, bunda 6 oylik imtiyozli davr belgilanadi.

Xorijiy tillarni mukammal biladigan yoshlar uchun ham rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar joriy qilinmoqda. Xususan, C1 darajadagi sertifikatga ega yoshlarga tadbirkorlik bilan bog‘liq davlat xizmatlari to‘lovlari 50 foizga arzonlashtiriladi. B2 darajadagi sertifikatga ega yoshlarga esa chet elga chiqish pasportini rasmiylashtirish boji yarmiga kamaytiriladi.

Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi. Har yili kamida 10 ming nafar yosh oila imtiyozli ipoteka dasturlari orqali uy-joy bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, oyiga 10 mingdan ortiq kitob sotadigan tadbirkorlarga 1 milliard so‘mgacha imtiyozli ssuda beriladi.

Ta’lim sohasida ham yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Chekka hududlarda til markazlarini ochish yoki kengaytirish istagida bo‘lgan yoshlarga 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Olis hududlardagi xususiy ta’lim markazlari uchun 2031 yilgacha ijtimoiy va daromad solig‘i stavkalari 1 foiz qilib belgilanadi. Nodavlat ta’lim muassasalarining ilg‘or o‘qituvchilari xorijda malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi, markazlarga esa o‘z dasturlari asosida ta’lim berishga ruxsat etiladi.

Yoshlarning ijtimoiy va madaniy faolligini oshirish maqsadida volontyorlik loyihalari uchun 100 million so‘mgacha grantlar ajratiladi. “TOP‑100 kitobxon” tanlovi g‘oliblari 10 million so‘mdan rag‘batlantiriladi, eng iste’dodli yosh adiblar uchun esa “Ilg‘or ijodkor” Prezident mukofoti ta’sis etiladi.

Shuningdek, davlat tashkilotlarida yoshlar uchun haq to‘lanadigan stajirovkalar yo‘lga qo‘yiladi. “Yoshlar bilan bir kun” loyihasi doirasida har yili 10 ming nafar yosh davlat rahbarlari va mutasaddilar bilan ochiq muloqot qiladi. Har yili sentabr oyida “Yoshlik — hayotning baxtli va oltin davri” shiori ostida Umummilliy yoshlar festivali o‘tkaziladi.

Yoshlarning ruhiy salomatligini himoya qilish maqsadida respublika bo‘ylab tunu kun ishlaydigan bepul psixologik yordam markazlari tashkil etiladi. Maktablarda esa quyi sinflardan boshlab kasbga yo‘naltiruvchi “Kasblar olami” dasturi joriy etiladi. Elektron platformalar orqali har yili 600 ming nafar yoshning bandligi ta’minlanadi.

Bundan tashqari, har bir hududda turizm, gastronomiya va mutolaa yo‘nalishlariga ixtisoslashgan “Yoshlar sayilgohi” ko‘chalari tashkil etiladi. Mahalla va tumanlar kesimida yoshlar infratuzilmasi bo‘yicha majburiy minimal standartlar joriy qilinadi.

Qabul qilingan chora-tadbirlar yoshlarning bilimli, sog‘lom, tashabbuskor va vatanparvar bo‘lib kamol topishiga, ularning mamlakat taraqqiyotidagi rolini mustahkamlashga xizmat qiladi.

4670

Telegramga obuna böling

Sönggi yangiliklar bilan tanişing

→